“Sangardak chevarlari” ish boshladi

18:03 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
233 0

Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlogʻida “Oʻzpaxtasanoat” AJ tomonidan qurib bitkazilgan tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallagan “Sangardak chevarlari” korxonasi ish boshladi. Mazkur hududdagi 14 ta qishloqda yashovchi xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan majmuada 600 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Korxonaning taqdimot marosimi qishloq odamlari uchun chinakam bayram tusini oldi. Unda viloyat va tuman hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan foydalanib, 2 oy muddatda qurib bitkazilgan majmuada kiyinish, yuvinish, dam olish va tibbiyot xonalari, oshxona kabi zarur sharoitlar muhayyo etilgan. Eng muhimi, korxona Xitoy, Turkiya va Yaponiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy tikuv mashinka va dastgohlari bilan jihozlangan. Majmuani qurish va jihozlash ishlariga 10 milliard soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi.

- “Obod qishloq” dasturi asosida hududimiz kun sayin obod va koʻrkam boʻlib, odamlarimizning hayoti farovonlashib bormoqda, - deydi korxonada ish boshlagan 60 yoshli Nuriniso Ikromova.- Avvallari kolxozda ishlaganman. Shundan soʻng koʻpdan buyon ishsiz edim. Koʻpchilik ayollar qatori yangi ish boshlagan tikuvchilik majmuasida ish boshlaganim tufayli ich-ichimdan suyunmoqdaman. Rosti, barcha ayollarimiz qalbida bir yoriqlik balqigandek boʻldi. Quvonchimiz ichimizga sigʻmayotir. Chunki, viloyat markazidan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan olis qishlogʻimizda shunday korxona barpo boʻlishini sira ham kutmagandik. Buning uchun davlatimiz rahbaridan juda minnatdormiz.

- 11 yildan buyon ishsiz edim,- deydi biz bilan suhbatda tikuvchi Mahliyo Asomiddinova, - Yangi korxonada nafaqat men, balki, onam va singlim ham ish boshladi. Hozirga qadar tikuvchilik boʻyicha 2 oylik maxsus kursda ham tahsil oldik. Yengil va murakkab modellar boʻyicha koʻnikmalarimizni boyitdik.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida, avvalo, aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari koʻp hududlar tanlab olinib, uzoq qishloq ayollarining bandligini taʼminlashga erishilmoqda. Mazkur majmualarda asosan trikotaj mahsulotlari tayyorlanib, xorijga eksport qilish nazarda tutilgan.

Dilimdagini aytadigan boʻlsam, bir oiladan uch kishi ish bilan band boʻlganimiz bois, birdek sevindik. Bugun toʻyga, bayramga oshiqqandek, birgalishib korxonaning ochilish maromiga keldik. Taqdimot marosim taassurotlari bir umrga xotiramizga muhrlanadigan boʻldi. Qishloq ayollarining dilidagi ajib tuygʻularni his qilish uchun ularning yuz-koʻziga boqishning oʻzi kifoya, deb oʻylayman. Ayollarga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrlik va mehr-muhabbat uchun biz nihoyatda minnatdormiz.

Davlatimiz rahbarining 5 ta muhim tashabbusi ijrosi, xususan, xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan mazkur korxonada kelgusida ishchilar sonini ming nafarga yetkazish koʻzda tutilgan.

“Oʻzpaxtasanoat” AJ olingan maʼlumotga koʻra,joriy yilning shu davriga qadar uzoq qishloqlar hududida 70 ta tikuv-trikotaj majmualari ishga tushirilib, 32 mingdan ziyod yangi ish oʻrinni yaratildi. Ulardan 5 tasi Surxondaryo viloyatining eng chekka hududlarida tashkil etilib, ishsiz xotin-qizlar bandligi taʼminlandi.

Yangi korxonaning ochilish marsimida Oʻzbeksiton Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi T. Xudoyberganov ishtirok etdi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?