Sanʼat va madaniyat ellarni, dillarni bogʻlaydi

15:35 15 Oktyabr 2018 Madaniyat
1592 0
Foto: “Xalq soʻzi Online”.

“Xalq soʻzi Online”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Tojikistonda oʻtkaziladigan Turkmaniston madaniyati kunlarida ishtirok etish uchun yoʻl olgan delegatsiya aʼzolari Termiz temir yoʻl vokzalida bir muddat toʻxtab, Surxondaryo viloyati jamoatchiligi bilan uchrashdi.

Turkmanistonlik sanʼat ustalarini kutib olishga bagʻishlangan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Bayramona bezatilgan temir yoʻl vokzalida qardosh xalqlarning turmush tarzi, anʼana va urf-odatlarini ifoda etuvchi etnografik shaharcha barpo etilgani, hunarmandlar koʻrgazma-yarmarkasi hamda milliy taomlar namoyishi tadbirga yanada koʻtarinki ruh bagʻishladi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”.

Tadbirda taʼkidlanganidek, oʻzbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, tinch-totuv, oʻzaro ahillik, hamjihatlikda yashab kelgan. Xalqlarimizni mushtarak diniy va madaniy qadriyatlar, oʻxshash til va urf-odatlar mustahkam bogʻlab turadi. Birgina Surxondaryo viloyatida 136 mingdan ortiq turkmanlar istiqomat qilishadi. Turkman madaniy markazi faoliyati esa ularni oʻzaro birlashtirib kelmoqda.

Soʻnggi yillarda ikki davlat rahbarlarining Oliy darajadagi uchrashuvlari muntazamlik kasb etib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanmoqda.

Aytish joizki, Toshkent shahridagi koʻchalardan biriga atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumqulining nomi berilishi, unga bagʻishlangan meʼmoriy yodgorlik barpo etilib, shoirning oʻzbek tilidagi “Elingga baxsh ayla” nomli kitobining chop etilishi Oʻzbekistoning qardosh va birodar turkman xalqiga yuksak hurmat va eʼtibori namunasidir.

Foto: “Xalq soʻzi Online”.

“Sanʼat va madaniyat dillarni dillarga, ellarni ellarga bogʻlaydi. Chunonchi, Turkmaniston va Oʻzbekiston xalqlari yaqin qoʻshni sifatida tarix va vaqt sinovlaridan oʻtgan doʻstlik va birodarlikni hamisha qadrlab kelishadi. Ikki davlat rahbarlarining oʻzaro doʻstona munosabati qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirish va oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga yoʻl ochayotir. Oʻzbeklar Maxtumquli gʻazallarini qanday sevib oʻqisa, turkmanlar Alisher Navoiy ijodini ham shunday sevib, ardoqlashadi. Oʻzaro mehr-muhabbat va sadoqatimiz bizni bugungidek diydorlashishga undadi. Tadbir bahonasida ikki xalq vakillarining uchrashuvi dillarga surur baxsh etib, qalbimizda unutilmas taassurotlar qoldirdi”, - deydi Turkmaniston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yazkuli Mammedov.

Tadbir Turkmaniston sanʼat ustalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi. Xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik va tinchlikni tarannum etuvchi rang-barang chiqishlar yigʻilganlarga bir olam zavq va shavq ulashdi. Shundan soʻng, Turkmaniston delegatsiyasi Tojikistonga joʻnab ketdi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?