Sanʼat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish loyihasi konsepsiyasi tasdiqlandi. U mashhur yapon meʼmoriga tegishli

10:01 11 Sentyabr 2020 Madaniyat
114 0

Hukumat komissiyasining bayonnomasi bilan dunyoga mashhur yapon meʼmori Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish loyihasining dizayn konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Yakuniy loyiha 2020-yil oxiriga qadar taqdim etiladi. 2019-22 yillarda rejalashtirilgan Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyini rekonstruksiya qilish loyihasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Shahrisabz, T. Shevchenko va Yakka Chinor koʻchalari kesishmasida joylashgan muzeyga tutash boʻlgan xiyobonning hududi kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyiga oʻtkazildi. Qoʻshimcha maydon Tadao Ando konsepsiyasini toʻliq amalga oshirishga imkon beradi. Qoʻshimcha ajratilgan hududda shisha va betondan ishlangan va Tadao Ando meʼmorchiligi uchun xos boʻlgan umumiy maydoni 17 ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan yangi koʻrgazma galereyasi quriladi.

Shu bilan birga, mavjud binoning tomida yashil terrasa barpo etiladi - yangi va eski binolarni ulash uchun xizmat qiluvchi oraliq joy. Muzey binosini rekonstruksiya qilish muzeyning umumiy maydonini 25 000 kvadrat metrgacha yetkazadi va shu bilan muzeyning koʻrgazma maydoni kengaytiriladi hamda zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ombor paydo boʻladi.

Meʼmorlar I. Abdulov, A. Nikiforov, S. Rozenblyum tomonidan loyihalashtirilgan hozirgi muzey binosi 1974-yilda qurilgan va meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu loyihaning alohida ahamiyati shundan iboratki, Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan muzey binosini rekonstruksiya qilish loyihasi arxitekturadagi zamonaviy tendensiyalarni obyektning tarixiy qiymati va yaxlitligi bilan birlashtiradi hamda bugungi kunning ijtimoiy arxitekturasini aks ettiradi.

“Men ushbu muzeyning konsepsiyasi aylana va kvadratni oʻzida mujassam etgan hamda birlashtirgan boʻlishini istardim. Men oʻzida tarix va anʼana qadriyatlarini asosiy elementlarini mujassam etgan zamonaviy muzey yaratmoqchiman”, — dedi Tadao Ando.

Tadao Ando dunyodagi eng taniqli meʼmorlardan biridir. 1995-yilda u arxitektura sohasidagi individual yutuqlari uchun «Pritsker mukofoti»ga sazovor boʻldi. Tadao Andoning eng taniqli loyihalari Parijdagi Fransua Pino Zamonaviy sanʼat jamgʻarmasining binosi, Venetsiyadagi Punta della Dogana va Palazzo Grassi muzeylari binolari, Missuri (AQSH)dagi Pulitser Sanʼat markazi, Quyosh ibodatxonasi (Yaponiya)dir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?