“Samrin Trade” korxonasi joriy yilda 5 million dollarlik mahsulot eksport qiladi

13:25 20 Aprel 2020 Jamiyat
323 0

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olish maqsadida eʼlon qilingan karantin davrida ham ishlab chiqarish korxonalari bir maromda oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Ayniqsa, eksportyor korxonalar tomonidan jahon bozoriga sifatli mahsulotlar oʻz vaqtida yetkazib berilayotir.

Bu esa koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadining keskin pasayib ketishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. 

Samarqand tumanida joylashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Samrin Trade” qoʻshma korxonasi viloyatdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlab, xorijga eksport qilishga ixtisoslashgan yirik korxonalardan biri sanaladi. Korxonada bugungi kunda mayiz, turshak, yongʻoq kabi quruq mevalar qayta ishlanib, qadoqlangan holda dunyoning oʻnga yaqin mamlakatiga, asosan, Yevropa davlatlariga yetkazib berilmoqda.

Mazkur korxonada ham qayta ishlashning yangi, zamonaviy texnologiyalarini oʻrnatish boʻyicha muayyan choralar koʻrilmoqda. Natijada korxonada mayizni saralashga ixtisoslashgan lazerli uskunalar keltirildi. Bu esa tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifatliligini taʼminlashga xizmat qilayotir.

Joriy yilning birinchi choragi mobaynida korxona tomonidan qariyb 800 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. Endilikda qayta ishlash uchun zarur mevalar korxona qoshida tashkil qilingan 140 gektar intensiv bogʻda yetishtirilmoqda. Hozirda tomchilatib sugʻorishga moʻljallangan texnologiyalar asosida Yevropadan keltirilgan pakana va yarim pakana koʻchatlar parvarishlanyapti. Bu korxonaning eksport salohiyatini oshirishga ham zamin yaratadi.

- Ayni paytda mamlakatimizda karantin davri boʻlishiga qaramasdan, korxonamiz toʻla quvvat bilan ishlamoqda, — deydi korxona rahbari Abdushukur Qurbonov. — Oʻtgan 2019-yilda 3 ming 500 tonna mahsulotni 4 million AQSH dollariga eksport qilgan boʻlsak, joriy yilda ham qariyb 5 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.

Korxonada mevalarni qabul qilish, saqlash va tozalash uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda 30 nafardan ziyod qishloq yoshlari zamonaviy uskunalar yordamida mehnat qilishmoqda. Ularning kelib ketishi uchun alohida transport ajratilgan. Issiq ovqat, xodimlarga maxsus kiyimlar ham tashkil qilingan. Tayyorlanayotgan mahsulotlar tezkor labaratoriyadan oʻtkaziladi. Korxonada asosiy eʼtibor mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. Ishchilarning niqob va qoʻlqoplari belgilangan vaqtda almashtirilib, korxonaning sexlarida ham muntazam dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?