Samo bilan tillashganlar...

20:33 22 Yanvar 2019 Madaniyat
645 0

Arxiv foto

Bundan taxminan ikki yarim ming yillar muqaddam Sharqda vujudga kelgan dorbozlik bugungi kunda sirk sanʼatining ajralmas qismiga aylangan. Dorbozlik oʻyinlari avval ochiq maydonlarda, XVIII asrdan boshlab esa maxsus sirk arenalarida ham namoyish etiladigan boʻldi.

Oʻzbekistonda dor oʻyini qadim tarixga ega. Baʼzi manbalar Amir Temur saroyida ham ajoyib tarzda bunday namoyishlar koʻrsatilganini tasdiqlaydi. Dorbozlik Oʻzbekistonning barcha yirik shahrida, ayniqsa, Quva va Asakada jadal taraqqiy topgan.

Aytish kerakki, milliy dorbozlik — juda murakkab. Oʻz navbatida, u eng noyob va jozibador sanʼat yoʻnalishi hamdir. Bugun biz turli bayram hamda festivallarimizga oʻzgacha ruh bagʻishlayotgan dorbozlarimizni qay darajada bilamiz? Agar ular bilan yaqinroq tanishsangiz, dorbozning hayoti, faoliyati juda qiziqarli ekanligiga guvoh boʻlasiz.

Ana shunday xalq dorbozlaridan biri Andijon viloyatining Marhamat tumanida yashovchi Yunusali Gʻoziyevdir. Biz keksa dorboz bilan suhbatlashib, uning xotiralariga quloq tutdik.

Aslida sanʼatga oshufta qalblar tabiatni sevadi. Xuddi shunday qahramonimizning xonadoniga kirganimizda, ajoyib bogʻ manzarasiga guvoh boʻldik.

— Xonadoningizga kelgan mehmon dorboz emas, bogʻbonning uyiga keldim, deb oʻylashi tayin. Manzarali daraxtlarning hammasini oʻzingiz ekkanmisiz?

— Men 35 yil mobaynida 23 sotixlik hovlimizni farzandlarim, nabiralarim quvonchi, sport bilan erkin shugʻullanishlari uchun mana shu holatga keltirdim. Hozir koʻrgan hovuzingizni oʻn yetti yil mobaynida oʻzim kavlaganman. Allohga shukr, sakkizta farzandim, yigirma oltita nabiram, oʻn ikkita chevaram va bitta kampirim bor (kuladi).

— Dorbozlik bilan necha yildan buyon shugʻullanasiz? Koʻrinib turibdiki, faoliyatingiz toʻgʻrisida bitta maqola emas, katta kitob yozsa, arziydi.

— Oʻn toʻrt yoshimdan buyon dor bilan ishlayman. Otam kurashchi boʻlganlar. Shu turtki berganmi, dastlab ogʻir atletika bilan shugʻullanganman. Keyinchalik dorga qiziqib, ikkisini teng olib borganman. Dorbozlikdagi hayotim davomida koʻp tanlovlarda, festivallarda qatnashdim. Albatta, ular orasida tuman, viloyat, qolaversa, respublika miqyosida oʻtkazilganlari ham bor.

1964 yildan boshlab 23 yil davomida Toshkent davlat sirkida ishlaganman. Nafaqaga chiqqach ham dor ustidan tushmadim. Farzandlarim, nabiralarimga uning sirlarini oʻrgatdim. 1985 yilda esa “Andijon samosi” nomli oilaviy dorbozlar truppasiga asos soldim. Dorbozlarning jahon miqyosidagi koʻplab festivallarida Oʻzbekiston nomidan qatnashdik. Masalan, 1987 yili oilaviy guruhimiz bilan Moskva shahrida boʻldik. 1988 yili Hindistonda ikki oylik safar tashkil etib, koʻrgazmali chiqishlar uyushtirdik.

— Sizning fikringizcha, mamlakatimizda dorbozlikni yanada rivojlantirish uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerak?

— Milliy dorbozlikni keng targʻib qilishimiz, asosan yoshlarning eʼtiborini internet yoki zamonning boshqa kashfiyotlaridan oʻzimizga jalb qilib olishimiz lozim. “Ustoz — shogird” anʼanasi bardavom boʻlishi zarur. Qolaversa, tashkiliy masalalar degandek… Umuman olganda, istaymizmi, yoʻqmi, bugun sirk sanʼatining ushbu yoʻnalishiga yurtimizda ahamiyat kamayib ketayotgandek. Agar davlat miqyosida eʼtibor qaratilmas, turli oilaviy guruhlar, truppalar faoliyatini kengaytirishga shart-sharoit yaratib berilmas ekan, yillar oʻtgach, farzandlarimiz dorbozlik haqida faqat kinoxronika yoki suratlar orqali bilishi hech gap emas.

— Dorbozlik insonga nima beradi?

— Dorda yurish insonga matonatni, sabrni, jasurlikni va fikrni bir yerga jamlashni oʻrgatadi. Irodasini toblaydi, zehnini mustahkamlaydi. Istardimki, yoshlarimizda ham bobolariga xos mana shunday jihatlar boʻlsa.

OʻzJOKU talabasi Dilshoda Olimova suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?