SamDU mamlakatimiz oliy taʼlim dargohlari flagmaniga aylanadi

14:32 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
184 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2019-yil 8-oktyabrda “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Farmonda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq:

- oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish;

- Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining flagmaniga aylantirish;

- respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish

- oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʻtkazish;

- oliy taʼlim muassasalarining akademik mustaqilligini taʼminlash;

- xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar koʻlamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga oliy taʼlim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish;

- Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish;

- oliy taʼlim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablagʻlarini keng jalb qilish hisobiga yaxshilash, ularni bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash;

- taʼlimning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorligini yoʻlga qoʻyish;

- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlarni yaxshilash nazarda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?