Samarqandlik kollej oʻquvchisining tashabbusi butun viloyatda quloch ochmoqda

17:03 26 Fevral 2020 Jamiyat
292 0

“Xalq so`zi ONLINE”

Yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi. Bu iborani biz yoshlarning hayotda orzularimiz sari intilishimizga alohida oʻrni bor.

Shu oʻrinda aytishim lozimki, 2016-yil 14-sentyabrida qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori, shuningdek davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5 muhim tashabbusi biz yoshlarga keng imkoniyatlar maydonida oʻzimizni sinashga zamin yaratdi.

Yurtboshimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan bu imkoniyatlardan foydalanayotgan tashabbuskor yoshlarimiz safi kengayib bormoqda.

Samarqand tuman Gulobod ijtimoiy-iqtisodiy kolleji kompyuter injeneringi yoʻnalishida 3 bosqichida oʻquvchisi Rustamjon Ahrorqulov ham ana shunday yoshlardan biri. U “Yosh kitobxon maskani” loyihasi muallifi hisoblanadi.

“Xalq so`zi ONLINE”

— Loyihamning maqsadi hududdagi yoshlar orasida innovatsion va interfaol usullarni qoʻllab, yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirish va iqtidori yoshlarni kashf etishdan iborat, — deydi Rustamjon. — Bir qarashda ilgari surayotgan loyiha gʻoyasi oddiy koʻrinishga ega. Lekin boshlangan birinchi loyiha ketma ketlikda ikkinchisi boshlanishiga va uni toʻldirishga sabab boʻlmoqda. Loyiha doirasida tashkil etilgan “Yoshlar kutubxonasi” burchagi, oʻz navbatida, Yoshlar ittifoqi viloyat va tuman kengashi tomonidan qoʻllab quvvatlandi va yoshlar foydalanishi uchun 100 ta kitob taqdim etildi.

“Oʻqib chiqish kerak boʻlgan 100 kitob” loyihasi burchagi kitob sevar homiylarni qiziqtirib, ular tomonidan kitoblar fondini boyitishdagi harakatlarimizga koʻmak berish istagini uygʻotdi. Ularning taʼkidlashicha, ushbu maskan bizning tumandan ham “Yosh kitobxon” tanlovlarida ishtirok etish niyatidagi yoshlarni maqsad sari intilishlariga dalda beradi.

“Bobomdan qolgan kitoblar” burchagi moʻjaz maskanimizga tashrif buyurayotgan yosh kitobxonlar, ular bilan birga kelgan ota-onalariga katta qiziqish va taassurotlarni uygʻotishga turtki boʻlib, uylarida ularning ham bobolaridan qolgan kitoblar borligi haqida fikr mulohaza yuritishlariga sabab boʻlmoqda.

Maskan yaqinda ish boshlagan boʻlsa-da moʻjazgina boʻlishiga qaramasdan hududdagi yoshlarning eʼtiborini qozondi.

Bu yerda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi hamda Oʻzbekiston “Yoshlar ittifoqi” tuman kengashi bilan yaqin hamkorlikda tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Yaqinda buyuk mutafakkir, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiyning 579-yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

“Xalq so`zi ONLINE”

Rustamjon Ahrorqulovning tashabbusi tuman hokimligi tomonidan ijobiy baholanib, “Hokim va yoshlar uchrashuvi”da unga smartfon sovgʻa qilinib, faoliyatini yana-da kengaytirish uchun “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit ajratilishi maʼlum qilindi.

Ushbu ragʻbatlantirish jarayonidagi taassurotlar uni yana bir loyiha —“Dastxatli kitoblar” burchagi tashkil etishiga turtki boʻldi.

— “Dastxatli kitoblar” burchagi “Biz bilmagan muxlislar” loyihasi doirasida tashkil etildi, — deydi Rustamjon. — Loyiha yoshlarni qiziqtirgani bilan bir qatorda, ijod ahli tomonidan ham maʼqullandi. Yoshligidagi shunga oʻxshash unutilmas onlarni xotirlab, kitob sevar muxlisiga atab tilaklar yozib, dastxat qoʻyib loyiha kitob fondini oʻz ijod namunasi bilan boyitish ularga ham zavq bagʻishlashini bildirmoqda.

Ushbu loyihaning afzallik va innovatsion yondashuv tomoni shundan iboratki, har bir insoning yoshligidan oʻzining tassavuridagi ideal shaxsi boʻladi va u unga oʻxshashga intiladi albatta, ideal shaxs deb bilgan kishi tomonidan dastxat va tilaklar yozilgan kitobni oʻqish muxlis uchun oʻzgacha zavq bagʻishlaydi. Ziyoli kishilar loyiham bilan tanishib, bunga ilmiy jihatdan yondashsak ijobiy samara berishini, bu ilmiy ishlar mavzusiga aylanib qolishini bildirishdi.

Bugungi kunda “Dasxatli kitoblar” soni 50 dan oshdi. Jami loyihalardagi kitoblar fondi 300 tani tashkil etmoqda.

— “Biz bilmagan muxlislar” loyihasi doirasidagi kitoblar sotilmaydi va yillar oʻtsa-da soni ortaveradi va tarixiy kitoblar qatoridan joy olishiga ishonaman, — deydi Rustamjon. — Maqsadim — Respublika miqyosida hali tashkil etilmagan “Dastxatli kitoblar kutubxonasi”ni yaratishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?