Samarqandga oʻn yilda 14 million, uch yilda 15 million sayyoh keldi

16:32 07 Noyabr 2019 Jamiyat
145 0

Samarqand bugungi kunda turizm jadal rivojlanib borayotgan hududlardan sanaladi. Yurtimizda Davlatimiz rahbari tomonidan soha taraqqiyotiga qaratilayotgan alohida eʼtibor, xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli Samarqandga kelgan sayyohlar soni joriy yilda oʻtgan yilgiga nisbatan ikki barobar oshgan. Maʼlumotlarga murojaat qiladigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2 million 668 ming 300 nafarni tashkil etgan. Shulardan 491 ming 300 nafari xorijliklar, qolganlari mahalliy sayyohlardir. Xorijlik sayyohlarning asosiy qismi, Yevropa, Janubi - Sharqiy Osiyo va MDH mamlakatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Viloyatda 2019-yil yakuniga qadar xorijlik sayyohlar koʻrsatkichini 509 ming nafarga yetkazish koʻzda tutilgan. Oʻz navbatida mahalliy sayyohlar oqimini ham oshirish rejalashtirilgan. Bu boradagi koʻrsatkichlar 2019-yilning 1-yanvar holatiga 2 million 105 ming nafarni tashkil qilgan boʻlsa, oʻn oy davomida 2 million 177 ming nafar sayyoh Samarqand ziyoratiga chiqqan. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkichni 2,5 million nafarga yetkazish koʻzda tutilgan.

Kelgusi ikki yilda esa chet ellik turistlar tashrifini 2, mamlakatimiz boʻyicha esa 10 millionga yetkazish moʻljallangan. Bu oʻz-oʻzidan turistlar uchun zarur infratuzilma va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarini xalqaro standartlar darajasiga yetkazishni ham taqozo etadi.

Shu maqsadda Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali boʻyida turistik markaz qurilishi boshlandi. Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat hokimligi, Qurilish vazirligi va Oʻzmilliybankning “Ipak yoʻli” jamgʻarmasi (Xitoy) hamda “EREILL Group” kompaniyasi bilan birgalikda eshkak eshish kanali hududida turistik markaz qurilishi va undan foydalanish boʻyicha bergan taklifi maʼqullangandi.

Majmua uchun 360 gektar yer ajratilib, uning 80 gektarida anjumanlar markazi, mehmonxonalar va boshqa obyektlar qurilishi moʻljallangan. Mehmonxonalar 5, 4 va 3 yulduzli boʻlib, barcha toifadagi sayyohlarni qamrab oladi. Shuningdek, dam olish maskanida suzish havzalari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda koʻngilochar obyektlarni oʻz ichiga olgan 12 ta kichik turistik majmualar barpo etiladi.

- 2019-2021-yillar davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kredit liniyasi orqali turizm infratuzilma obyektlarini rivojlantirish maqsadida 74 ta loyihani qamrab olgan 1311,8 milliard soʻmlik manzilli dastur ishlab chiqildi, - dedi Samarqand viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti rahbari Dilshod Narziqulov. - Ushbu loyihalarimiz amalga oshsa qoʻshimcha 2828 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

2019-yil boshida viloyatda 4513 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega 118 ta mehmonxona faoliyat yuritgan boʻlsa, bugunga kelib ular soni 142 taga yetdi. Bu mehmonxonalar bir vaqtning oʻzida 5 ming 949 nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega. 2020-yilgacha Samarqandda yana 6 ta, kelgusi yilda esa 50 ta yangi mehmonxona oʻz faoliyatini boshlaydi. Bundan tashqari mavjud 125 ta oilaviy mehmon uylari ham 1120 oʻringa ega. Shu bilan birga mazkur yilda jismoniy shaxslar tomonidan yana 15 ta mehmon uylari tashkil etiladi. Natijada 185 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Bugungi kunda viloyatda madaniy - meros, arxitektura, arxeologik, agro, eko, ziyorat kabi 562 ta turistik obyektlar boʻlib, yil davomida yana 19 ta yangi turistik marshrutlar tashkil etilishi rejalashtirilgan, shu paytga qadar ularning 18 tasi oʻz faoliyatini boshladi.

Shu bilan birgalikda viloyatda 100 ga yaqin milliy va yevropa taomlari restoranlari hamda milliy choyxona, 165 ta turoperatorlik subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Bundan tashqari 230 ta zamonaviy turistik sinfga mansub avtotransport vositalari, 230 ta hamroh-tarjimonlar sayyohlarga xizmat koʻrsatishmoqda.

- 2019-yilning yanvar-oktyabr oylari davomida 13 ta restoran va kafe, 38 ta turoperatorlik subyektlari tashkil qilindi. Shuningdek, 26 ta turistik klassdagi avtobus va 46 ta mikroavtobuslar, 2 ta elektromobil olib kelinib, foydalanishga topshirildi, - deydi Samarqand viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti boʻlim boshligʻi Farruh Oʻrolov. - Qolaversa, 8 ta (jami 11 ta) turistik axborot markazlari hamda 32 ta milliy va xorijiy valyutalarda pul ayirboshlash shoxobchalari (bankomatlar) oʻrnatildi. Sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida shu yilning oʻzida 38 ta yangi WiFi nuqtalari oʻrnatilib, ularning soni jami 50 taga yetkazildi.

Bundan tashqari, tasdiqlangan Dasturlar doirasida imkoniyati cheklangan shaxslarning turizm infratuzilmasi va madaniy meros obyektlarida erkin harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlarida nogironlik aravachalari uchun yoʻlaklar barpo etildi.

Samarqand 180 dan ortiq turistik shaharlarni birlashtirgan Butunjahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF)ga aʼzo boʻldi. Shu bois viloyatda sayyohlar oqimini koʻpaytirish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish maqsadida turli yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha ham loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shu yilning noyabr oyida Samarqand Butunjahon sayyohlik shaharlari federatsiyasining mintaqaviy konferensiyasiga mezbonlik qilishi kutilmoqda. Mazkur tadbir doirasida Samarqandga birgina Xitoydan 400 ming sayyoh tashrif buyurishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda sayyohlar uchun charter reyslarini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Dastlabki ana shunday reys joriy yilning 4 noyarb kuni Istanbul - Samarqand yoʻnalishida amalga oshirildi. Bu yoʻnalishdagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?