Samarqanddagi “Saxovat” uyidagilar saxovatga muhtoj (video)

15:00 30 Iyul 2018 Jamiyat
1155 0

Samarqand shahridagi “Saxovat” keksalar va nogironlar uchun internat uyida bugungi kunda 131 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan kishi yashab kelmoqda.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mazkur muassasa faoliyati bilan tanishib, bu yerda olib borilayotgan ishlar mutlaqo qoniqarsiz ekanligini aytdi.

Muassasa hududida obodonlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bino atrofi qarovsiz. Bu holat har qanday kishining ko‘nglini xira qiladi. Bino ichidagi manzara undanda ayanchli: lift ishlamaydi, xonalar dimiqqan, yuvinish xonalari tozalik talablariga javob bermaydi, hojatxonalardagi antisanitariya holati achinarli, buni bir so‘z bilan izohlash qiyin. Umuman olganda, bu yerdagi holat gigiyenik talablariga to‘liq javob bermaydi.

Bu yerdagi insonlar yozning jazirama kunlarini mana shu dimiqqan xonalarda o‘tkazishga mahkum. “Saxovat” uyida yozgi pavilon mavjud bo‘lsa-da, sharoit yaratilmagani bois bu yerga hech kim qadam bosmaydi. Badiiy adabiyotlar eskirib ketgan. Gazeta va jurnallar o‘z vaqtida keltirilmaydi.

Muolaja xonasida muzlatgichning yo‘qligi bois dorilar qoidaga zid ravishda saqlanmoqda. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, keksalarga bu yerda tibbiy xizmat ko‘rsatishning ahvoli qay daraja ekanligini.

“Saxovat” uyidagi muammolar sababi to‘g‘risida muassasa direktori Tolib Saidov jo‘yali bir gap ayta olmadi. Turli bahonalarni ro‘kach qilib o‘zini oqlashdan nariga o‘tmadi.

Bu yerda 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar davlatdan maosh olib ishlasa-da, keksalarning dardiga darmon bo‘la olayotgani yo‘q.

“Saxovat” uyi faoliyatini qisqa muddatli o‘rganish jarayonida tegishli nazorat organlari tomonidan katta miqdordagi moliyaviy kamomadlar borligi aniqlandi.

Ish beruvchining tashabbusi bilan muassasa rahbari Tolib Saidov egallab turgan vazifasidan ozod qilindi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?