Samarqanddagi maktabda o‘quvchilarni ayovsiz kaltaklagan direktor va xodimlar qo‘lga olindi

15:16 24 Iyul 2018 Jamiyat
565 0
Illyustrativ foto

Bosh prokuratura Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta’limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktabda sodir bo‘lgan mudhish voqealar bo‘yicha rasmiy izoh berdi.

23.07.2018y. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga fuqaro M.Mirzayeva murojaat qilib, o‘z arizasida Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi 64-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ta’lim olayotgan uning farzandi E.Mirzayev va boshqa tarbiyalanuvchilar internatning mansabdor va mas’ullari tomonidan qiynab, ularga tan jarohatlari yetkazilganligi haqida xabar berdi.

Mazkur holat Bosh prokuratura rahbariyatining alohida nazoratiga olinib, shaxsan Samarqand viloyati prokurori tomonidan olib borilgan tekshiruv davomida aniqlanishicha, maktab-internati direktori Sh.Sadinov va boshqalar mansab vakolati doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etib, o‘z faoliyatlari davomida maktab-internatining o‘quvchilari, voyaga yetmagan X. (2001 y.t.), E. (2006 y.t.) va O‘. (2003 y.t.)larni maktab tartib-qoidalariga rioya qilmayotganliklarini ro‘kach qilgan holda ta’lim-tarbiya davomida ularga rahmsiz muomalada bo‘lib, muttasil ravishda urib, qiynab, ularga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan.

Viloyat STE byurosining 23.07.2018 yilgi xulosalariga ko‘ra, ariza bergan M.Mirzayevaning farzandi E.ning tanasida qator jarohatlar mavjudligi, ular “Yengil tan jarohatlari” guruhiga kirishi aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 89 nafar maktab-internati tarbiyalanuvchilariga nisbatan viloyat STE byurosi ekspertlari tomonidan guvohlantirish harakatlari o‘tkazildi, tarbiyalanuvchilarning ambulator kartalari bayonnomalar asosida olinib, o‘rganilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan 23.07.2018 yilda Samarqand shahar prokurori tomonidan 64-sonli maktab-internati direktori Sh.Sadinov va boshqalarga nisbatan JKning 110-moddasi 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktab-internati direktori Sh.Sadinov ushlangan, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi o‘rganilmoqda.

Jinoyat ishi tergovi viloyat prokurori tomonidan alohida nazoratga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?