Samarqanddagi xonadonlardan biridan katta miqdorda moddiy boyliklar oʻgʻirlab ketildi

20:42 27 May 2020 Jamiyat
423 0

Joriy yilning 20-may kuni S.S. va A.R.lar jinoiy til biriktirib, tanishi — Samarqand shahar Jomboy koʻchasida yashovchi 22 yoshli M.N.ning yashash uyiga oʻgʻrilikka tushdi.

IIV huzuridagi Tergov departamentining maʼlum qilishicha, jinoyatchilar uyda koʻp miqdorda tilla taqinchoqlar va pullar borligini hamda uy egasi M.N. va uning oila aʼzolari 2020-yil 20-may kuni soat 14:00dan 18:00 ga qadar uyida boʻlmasliklari toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlgan.

Ular shu kuni soat 15:00 da uyga kalit tanlash yoʻli bilan gʻayriqonuniy ravishda kirib, 148 440 000 soʻmlik turli xildagi tilla taqinchoqlar va 3100 AQSH dollari naqd pullarni talon-toroj qilib, M.N.ga umumiy 179 841 636 soʻmlik moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.

Holat yuzasidan Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdordagi oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. A.R.ga tegishli moddalar bilan ayb eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. S.S.ni qoʻlga olish va tergovga keltirish choralari koʻrilmoqda. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi, “oʻgʻrilik, yaʼni oʻzganing juda koʻp miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

IIV fuqarolarga uydagi moddiy boyliklarni asrab-avaylashni, uyda hech kim yoʻqligidan boshqalarning xabari boʻlmasligini taʼminlashni, deraza romlariga temir panjaralar oʻrnatishni, eshiklar qulflanganligiga alohida eʼtibor qaratishni hamda imkon boricha qoʻriqlash pultlariga ulanishni tavsiya qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?