Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay yangi qiyofaga kiradi (fotojamlanma)

11:25 18 Iyun 2018 Jamiyat
559 0

Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi butunlay yangicha, zamonaviy ko‘rinish oladi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati “Xalq so‘zi”ga ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Imom Buxoriy majmuasi hududida xalqaro tajribani o‘rgangan holda xalqaro ilmiy markaz qurilishi bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shu munosabat bilan majmuaga tutash hududdan 5,8 gektar yer maydoni ochilib, ilmiy markaz hamda markaz qarshisida 3 ta uch qavatli turar-joy qurilishi uchun ajratib berildi. Prezidentimizning joriy yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirig‘i bilan Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish loyiha-taklifi va Xartang qishlog‘ining bosh reja-loyihasi ma’qullandi.

Xalqaro ilmiy markaz qurilishining umumiy loyiha qiymati 122 mlrd. so‘mni tashkil etib, bugungi kunda qurilish-pudrat ishlari yakunlanish arafasida. Shu bilan birga, ilmiy markaz qarshisida 3 ta uch qavatli, 18 xonadonli turar-joylar hamda majmuaga olib boruvchi Oqdaryo–Qo‘lbosti avtomobil yo‘li bo‘yida 62 ta milliy ko‘rinishdagi 2 qavatli kottejlar qurib bitkazildi.

Xartang qishlog‘ining bosh rejasi dastlab “ToshboshplanLITI” davlat unitar korxonasi loyiha tashkiloti tomonidan tayyorlanayotgan edi. Loyiha ishlarini jadallashtirish maqsadida bosh reja va batafsil loyihalashtirish rejasi “O‘zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ishlab chiqilgan bosh reja va loyiha taklifiga muvofiq, majmuaning umumiy joylashuv yer maydoni 60,4 gektarni tashkil etib, majmua to‘liq qayta rekonstruksiya qilinishi belgilandi. Jumladan, majmuaga kirish qismidagi mavjud bir qavatli binolar ikki qavatli qilib quriladi.

Shuningdek, majmuada qo‘shimcha quyidagi bino-inshootlar qurilishi loyihalashtirilgan:

bitta to‘rt qavatli katta, 6 ta uch qavatli o‘rtacha va 20 ta ikki qavatli kichik mehmonxonalar;

supermarket;

yirik savdo markazi;

amfiteatr binosi;

dehqon bozori;

hammom;

ikkita tahoratxona;

milliy hunarmandchilik buyumlari va suvenirlar sotadigan 16 ta savdo do‘koni;

choyxona,

restoran;

bolalar o‘yin maydonchasi;

uchta avtomobillar saqlash maydonchasi;

minibank va boshqa obodonlashtirish ishlari.

Imom Buxoriy majmuasidan o‘tuvchi Oqdaryo–Qo‘lbosti avtomobil yo‘li olti tasmali qilib kengaytirilib, Xartang qishlog‘ini 5 km masofada to‘liq aylanib o‘tadi.

Majmuaning qayta qurilishi munosabati bilan ushbu hududdagi 164 ta turar-joy va 30 ta noturar-joylar – jami 194 ta bino va inshootlar buzilishga tushgan. Hozirda bu ish jadal amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, buyuk muhaddis bobomiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy dafn etilgan mazkur yodgorlik majmuasi Islom olamida yuksak e’tiborga ega bo‘lgan maskanlardan biri hisoblanadi. Sobiq sovet tuzumi davrida bu joy tashlandiq holatda bo‘lgan.

Majmuaning hozirgi ko‘rinishi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 29 apreldagi “Muhammad ibn Ismoil Imom al-Buxoriy tavalludining hijriy 1225 yilligini nishonlash va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori doirasida bunyod etilgan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida yaratilgan ushbu loyiha Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo‘qon va Shahrisabzning mohir ustalari tomonidan sakkiz oy mobaynida barpo qilindi va yodgorlik majmuasi 1998 yil 23 oktyabr kuni rasman ochilgan edi.

Мажмуанинг қайта қурилиши муносабати билан ушбу ҳудуддаги 164 та турар-жой ва 30 та нотурар-жойлар – жами 194 та бино ва иншоотлар бузилишга тушган. Ҳозирда бу иш жадал амалга оширилмоқда.

Маълумот учун, буюк муҳаддис бобомиз Абу Абдуллоҳ Муҳаммад ибн Исмоил Бухорий дафн этилган мазкур ёдгорлик мажмуаси Ислом оламида юксак эътиборга эга бўлган масканлардан бири ҳисобланади. Собиқ совет тузуми даврида бу жой ташландиқ ҳолатда бўлган.

Мажмуанинг ҳозирги кўриниши Вазирлар Маҳкамасининг 1997 йил 29 апрелдаги “Муҳаммад ибн Исмоил Имом ал-Бухорий таваллудининг ҳижрий 1225 йиллигини нишонлаш ва уни ўтказиш тўғрисида”ги қарори доирасида бунёд этилган. Ўзбекистон Республикасининг Биринчи Президенти Ислом Каримов раҳбарлигида яратилган ушбу лойиҳа Самарқанд, Бухоро, Хива, Тошкент, Андижон, Наманган, Қўқон ва Шаҳрисабзнинг моҳир усталари томонидан саккиз ой мобайнида барпо қилинди ва ёдгорлик мажмуаси 1998 йил 23 октябр куни расман очилган эди.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?