Samarqanddagi har toʻrtinchi mahallada jinoyat sodir etilgan. Bunga nima sabab boʻlyapti?

18:06 25 Dekabr 2018 Jamiyat
330 0

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatida umumiy jinoyatchilik va jinoyat-qidiruv sohasidagi jinoyatlar oshmagan boʻlsa-da, biroq tumanlar kesimida, ayniqsa, ayrim mahallalarda huquqbuzarliklar soni ortgan. Jumladan, viloyatdagi 1087 ta mahallaning 838 tasida huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilib, ularning deyarli har toʻrtinchisida jinoyatlar koʻpaygan. Xoʻsh, bunga nima sabab boʻlmoqda?

Bunga hududlardagi kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi toʻliq tahlil qilinmagani, yetarli malaka, ish staji va tajribaga ega boʻlmagan profilaktika inspektorlarining tayinlanishi hamda kuch va vositalarning toʻgʻri taqsimlanmaganligi omil boʻlayotgani qayd etildi. Qolaversa, baʼzi mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlari jamoatchilik manfaatlari yoʻlida jon kuydirish u yoqda tursin, hatto oʻzlari qingʻir yoʻllarga qadam qoʻyayotgani joylarda noxush statistikaning hanuz kamaymayotganiga qisman sababdir. Jumladan, Samarqand viloyatidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining 7 nafar xodimi, yaʼni 5 nafar mahalla raisi, 2 nafar masʼul kotib tomonidan jinoyatlar sodir etilgani hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qoʻshma yigʻilishida afsus bilan tilga olindi.

Tadbir Samarqand viloyati tumanlari bilan bogʻlangan holda videokonferensiya tarzida oʻtkazildi.

Unda viloyatda joriy yilning oʻn bir oyida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Kun tartibiga qoʻyilgan yana bir masala voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani boʻldi. Aniqlanishicha, bunday jinoyatlar soni Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon, Pastdargʻom, Paxtachi, Narpay tumanlarida ortgan. Oʻsmirlar jinoyatchiligining asosiy sabablari qatorida ular orasidagi profilaktika ishlarining talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagani qayd etildi. Biroq bu muammo kompleks xususiyatga ega. Bunda nafaqat huquq-tartibot organlari, balki jamoatchilik tuzilmalari va eng avvalo, oila instituti muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.

Yigʻilishda Respublika komissiyasi Raisi, Oliy Majlis Senati Raisi N. Yoʻldoshev ishtirok etdi.
Umid SORIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?