Samarqanddagi bogʻchada oʻtkazilgan tekshiruvda 60 nafar bola qurilayotgan bino ichida yurgani aniqlandi

15:37 02 Iyul 2019 Jamiyat
300 0

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Ichki audit xizmati tomonidan 2018-yilda Toshkent shahri va respublika viloyatlarida maktabgacha taʼlim tashkilotlariga (MTT) tegishli yoʻllanmasiz qatnayotgan 1059 nafar bolalar aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 2019-yilning birinchi choragida ushbu koʻrsatkich 373 nafar bolalarni, shu jumladan 3 yoshga toʻlmagan tarbiyalanuvchilarni tashkil etdi.

“Maktabgacha taʼlim vazirligi MTTga gʻayriqonuniy ravishda qatnash holatlari joylar yetishmasligi sababli yuzaga kelayotganligini tushunadi. Biz yangi MTTlarni ochish va maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini joriy etish masalasi yuzasidan faol ish olib bormoqdamiz. Biz ushbu masala toʻliq hal etilgunga qadar ota-onalardan farzandlari xavfsizligini birinchi oʻringa qoʻyishini soʻrab qolamiz. Bunda shuni yodda tutishingiz kerakki, MTT maʼmuriyati va pedagoglari rasmiylashtirilmagan tarbiyalanuvchilar uchun javobgar boʻlmaydi. Maktabgacha taʼlim vazirligi auditorlari qish mavsumida ularni sovuq zallar va omborxonalarda, hovlidagi shiyponchalarda uchratgan. Baʼzan bolalarda hatto ustki issiq kiyim boʻlmagan, chunki ularni guruhlardan shoshilinch ravishda chiqarishgan. Amaliyotimizda shunday holatlar boʻlganki, hisobga olinmagan tarbiyalanuvchilarni qurib bitkazilmagan binolarda yashirishgan. Bolalar MTTlarga tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan holda qatnayotganda qanday xavf-xatar ostida qolishi va qanday stress holatlarini oʻtkazishini anglayotgandirsiz”, - deydi Maktabgacha taʼlim vazirligi Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati boshligʻi Dilshod Normatov.

Xususan, Samarqand shahridagi 58-sonli MTTda tekshirish oʻtkazilganda, 60 nafar bolalar Maktabgacha taʼlim vazirligi auditorlari tomonidan MTT yaqinida qurilayotgan bino hududida aniqlandi.

MTTlarga gʻayriqonuniy ravishda qatnash boshqa tarbiyalanuvchilar sharoitlariga ham salbiy taʼsir etadi.

“Oshxona xodimlari oziq-ovqat mahsulotlarini guruhlardagi rasmiy tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqqan holda oladilar. Belgilangan normalarga muvofiq, har bir bolaga muayyan miqdorda goʻsht, yormalar, sut va boshqa mahsulotlar ajratiladi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari 30 nafar tarbiyalanuvchilarga ajratiladi, tayyor ovqat esa 35 ta porsiyaga boʻlinadi. Natijada guruhdagi barcha bolalarga belgilanganidan kam hajmda rivojlanish uchun zarur boʻlgan ozuqa moddalari beriladi. Albatta, oziq-ovqat sifatiga oziq-ovqat mahsulotlarining oʻgʻirlanishi ham taʼsir etadi, biroq, xabaringiz borki, Maktabgacha taʼlim vazirligi maktabgacha taʼlim tizimidagi noinsof xodimlariga qarshi faol kurashmoqda”, - deydi Maktabgacha taʼlim vazirligi Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati boshligʻi Dilshod Normatov.

Taʼkidlanishicha, rasmiylashtirilmagan bolalar uchun toʻlov MTT mudiri tomonidan oʻzlashtirib olinadi, bu esa mamlakatdagi korrupsiya omilini kuchaytiradi.

Hisobga olinmagan bolalar masalasini hal etish uchun Maktabgacha taʼlim vazirligi MTTlarda joylarni koʻpaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirmoqda. 2019-yilning I choragi holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 8 000 ta MTTlar faoliyat yuritib kelmoqda, ushbu koʻrsatkich esa 2017-yildagi koʻrsatkichdan 53 foizga yuqori. Davlat MTTlar soni 812 taga, nodavlat MTTlar soni esa 2 000 taga koʻpaydi (MTTlar sonining keskin oʻsishi 1 200 ta oilaviy MTTlar yuzaga kelishi bilan ifodalanadi). Koʻrilgan choralar bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish hajmini 38 foizgacha (2017-yildagi 27,7 foizga nisbatan) yetkazish imkonini berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?