Samarqandda joriy yil 1-yarmida 13341 ta tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatini toʻxtatgan

18:45 07 Sentyabr 2019 Jamiyat
93 0

2019-yil 7-sentyabr kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, viloyat Kengashi deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Deputatlar parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar holatini oʻrganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Taʼkidlanganidek,Samarqand viloyatida joriy yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi qariyb 15,5 trln. soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan oʻsish surʼati 5,6 foizga yetgan. Hududning respublika yalpi ichki mahsuloti shakllanishidagi ulushi qariyb 7 foizni tashkil qilgan. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi, sanoat, qurilish va xizmatlar koʻrsatish sohasida ijobiy oʻsish surʼatlari qayd etilgan.

Joriy yil 1-avgust holatiga koʻra,viloyatga 65 ta investitsion loyiha boʻyicha jami 139,0 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi, shundan 35 ta loyiha boʻyicha ishlab chiqarish boshlandi.

Sessiyada viloyat iqtisodiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning oʻrni alohida eʼtirof etildi. Jumladan, bugungi kunda hududda jami 50 ming 800 taga yaqin kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari mavjud. Shundan 21370 tasi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt, 29412 tasi esa yakka tartibdagi tadbirkordir.

Qayd etish kerakki, viloyat hokimi va boshqa mutasaddilar tomonidan tadbirkorlar bilan amaliy muloqot tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Tadbirkorlarning muammolari va faoliyatidagi toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida viloyat hokimi rahbarligida muntazam ravishda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari va sayyor qabullar oʻtkazib kelinmoqda. Bundan tashqari, joriy yil 1-sentyabr holatiga koʻra, Bosh vazirning viloyatdagi qabulxonasiga tadbirkorlardan jami 951 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 663 tasi yoki 70 foizi hal etilgan, qolgan 288 tasi esa ijroga qaratilgan.

Biroq viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliq qator muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, hudud boʻyicha 2017–2018-yillarda davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlaridan 907 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt hanuzgacha oʻz faoliyatini boshlamagan. Hududlar kesimida olganda bunday tadbirkorlik subyektlari Samarqand shahri, Urgut, Payariq, Pastdargʻom, Qoʻshrabot va Kattaqoʻrgʻon tumanlarida koʻpchilikni tashkil qiladi. Shuningdek, joriy yilning birinchi yarmida viloyatda jami 13341 ta tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Ularning 4702 tasi yuridik shaxs, 8639 tasi yakka tartibdagi tadbirkordir.

Sessiyada viloyatdagi korxonalar bilan kichik biznes subyektlari oʻrtasida oʻzaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlashga turtki boʻlishi taʼkidlandi. Bu boradagi imkoniyatlardan foydalanish yoʻllari borasida fikr almashildi.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining ijrosini taʼminlashga ham urgʻu berildi. Jumladan, uning doirasida tijorat banklari tomonidan 1036 nafar yosh tadbirkorga ajratilishi belgilangan 235,8 mlrd. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlaridan bugungi kunga qadar bor-yoʻgʻi 81 ta loyiha uchun 21 mlrd. soʻm (9 %) ajratilganligi, bu borada “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasiga umumiy qiymati 20,4 mlrd. soʻmlik 82 ta loyihani moliyalashtirish uchun berilgan buyurtmalarga lozim darajada eʼtibor qaratilmayotganligi taʼkidlandi.

Sessiyada tadbirkorlik yoʻnalishiga masʼul vazirlik va tuzilmalarning hududlardagi boshqarma va boʻlimlari hudud manfaatlarini respublika darajasida ilgari surishga yetarlicha eʼtibor qaratmayotganligi alohida taʼkidlandi. Shu bilan birga mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy taklif bermayotganligi va tashabbus koʻrsatmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, bu borada mahalliy Kengashlar deputatlari ham faol boʻlishi, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratishi, ularning muammolari asosida tegishli tuzilmalarga qatʼiy deputatlik soʻrovlari bilan chiqishi, kichik biznes rivojiga toʻsiq boʻlayotgan har qanday muammo va aniqlangan qonun buzilishi holatlariga nisbatan birinchilardan boʻlib munosabat bildirishlari zarurligi taʼkidlandi.

Sessiyada koʻrib chiqilgan masala yuzasidan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?