Dunyoga mashhur brendlardan biri Samarqandda zamonaviy mehmonxona quradi

16:11 19 Iyul 2018 Jamiyat
262 0
Foto: Booking.com

Tez orada Samarqand shahrida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega, xorijiy mehmonlarga ma’qul keladigan to‘rt yulduzli mehmonxonalar soni yana bittaga ko‘payishi mumkin.

“Xalq so‘zi” muxbiri Mamadiyor Ziyodinovning xabar berishicha, Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Germaniyaning “Plaza Hotelgroup GmbH” kompaniyasi ta’sischilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Best Western” brendi ostida butun dunyoga zamonaviy mehmonxonalar qurilishi uchun mahsulotlar yetkazib beruvchi mazkur kompaniyaning salohiyati haqida malumotlar taqdim etildi. Shuningdek, tadbirda Samarqand shahrida “Best Western” xalqaro brendi ostida 4 yulduzli mehmonxona qurish taklifi bildirildi.

“Plaza Hotelgroup GmbH” kompaniyasiga 2002 yilda asos solingan. Hozirgi kunda kompaniya Germaniya, Avstriya, Niderlandiya va Chexiya davlatlarida jahon standartlariga javob beruvchi 34 ta mehmonxonasiga ega.

Shuningdek, kompaniya jahonda eng tez rivojlanayotgan zamonaviy mehmonxona qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, uni intergatsiyalashgan tizimda boshqarish imkoniyatiga ega. Barcha mehmonxonalar xalqaro tan olingan “Best Western” brendi ostida boshqariladi.

Kompaniya O‘zbekistonga mehmonxonalar tarmog‘i bo‘yicha 100 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishni mo‘ljallagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya 3-5 yil davomida jami 8 ta mehmonxona qurib, foydalanishga topshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq, Samarqandda Turkiyaning APЕAC kompaniyasi bilan hamkorlikda, loyiha qiymati 20 million AQSH dollari bo‘lgan besh yulduzli mehmonxona qurilish haqida xabar berilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?