Samarqandda “World Plov championship” pazandachilik musobaqasi boʻlib oʻtdi 

09:31 29 Noyabr 2019 Jamiyat
191 0

Samarqand shahridagi “Bogʻishamol Garden” maskanida viloyat turizmni rivojlantirish departamenti Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi bilan hamkorlikda “World Plov championchip” pazandachilik musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda arman, turk, uygʻur hamda respublikamizning 8 viloyatidan kelgan tajribali oshpazlar osh tayyorlash boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

Hakamlar hayʼati ishtirokchilarning qozon-oʻchoqlari atrofi tozaligi, ishlash tartibi, masalliqlarning tarkibi, ularni toʻgʻri tayyorlash, ijodkorligi va taom taqdimoti, sifati hamda koʻrsatkichlari boʻyicha baholab borishdi.

Xorijlik sayyohlar va mehmonlar koʻz oʻngida mahorat bobida bir-biridan qolishmaydigan oshpazlar tanlovining gʻoliblari aniqlandi.

Hakamlarning yuqori bahosi hamda mehmonlarning olqishiga sazovor boʻlgan Toshkent shahridan kelgan oshpaz Fayzulla Abdullayev tomonidan tayyorlangan bayramona palov 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2-oʻrin samarqandcha palov tayyorlagan mohir oshpaz Ismatilla Islomovga nasib qildi. Musobaqaning 3-oʻrniga toshkentlik yosh oshpaz Akrom Obidovning choyxona palovi sazovor boʻldi.

- Mazkur chempionatda “Alanga” guruchidan bayramona palov tayyorlab gʻolib boʻldim, - deydi toshkentlik oshpaz Fayzulla Abdullayev. - Raqiblarim ham tajribali oshpazlar hisoblanadi. Oʻzim ham bir necha bor respublika va xalqaro tanlovlarda qatnashib, palov, manti, somsa, chuchvara kabi milliy taomlarimizni tayyorlab, yurtimiz milliy oshxonasining jahonga tanilishida hissamni qoʻshib kelyapman. Tayyorlagan palovim mehmonlarga manzur boʻlganidan xursandman.

Yurtimizda tayyorlanadigan milliy taomlarni targʻib qilish orqali gastronomik turizmni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, mazkur osh chempionatini tashkil etish ham shu yoʻnalishda olib borilayotgan rejalarning bir qismi sanaladi.

- Butun dunyoda gastronomik turizm barcha sayyohlarni oʻziga jalb etadi, - deydi Oʻzbekiston Gastronomik turizm assotsiatsiyasi prezidenti Gulnoza Odilova. - Jumladan, yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar ham tarixiy yodgorliklardan tashqari, milliy taomlarimizni tatib koʻrishga ishtiyoqmand boʻlishadi. Ular Samarqand shahrida palovning turli usullarda tayyorlanishini koʻrib, lol qolishdi va taʼmi, tuzilishi, rangi va masalliqlari turlicha boʻlgan shirin va lazzatli oshlarimiz yoqqanligini taʼkidlashdi.

Tadbirda viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan milliy ashula va raqs ansambli xonanda va raqqosalarining badiiy chiqishlari hamda Sohibqiron Amir Temur davriga oid milliy hunarmandchilik mahsulotlari, tarixiy liboslar koʻrgazmasi ham ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?