Samarqandda tramvay liniyasi birinchi bosqich 2-yo‘nalishi foydalanishga topshirildi

16:05 18 Mart 2018 Jamiyat
676 0
Фото: Ўзбекистон темир йўллари ахборот хазмати

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatida bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida ko‘xna zaminda bunyod etilgan tramvay liniyasi birinchi bosqich 2-yo‘nalishining foydalanishga topshirilishiga ruxsat berildi. 

Bundan bir yil muqaddam uzunligi 6,4 kilometrdan iborat bo‘lgan birinchi bosqichning ilk yo‘nalishi bo‘yicha “Temiryo‘l vokzali – Sattepa” oralig‘idagi liniya ishga tushgan edi. Navro‘z umuxalq bayrami arafasida uzunligi 5 kilometrdan iborat tramvay liniyasi birinchi bosqichining ikkinchi “Temir yo‘l vokzali – Siyob bozori” yo‘nalishi foydalanishga topshirildi. E’tiborlisi, yangi yo‘nalish bo‘yicha ilk kuni harakatlangan tramvaylarda yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatildi. Yangi magistral 18 ta bekatdan iborat bo‘lib, kun davomida 8 ta tramvay aniq jadval asosida harakatlanadi. Qatnov oralig‘i esa 7 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalishdagi tramvay bekatlarining aksariyati “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy ko‘rinishda barpo etilgan.  

Tramvaylarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida loyiha doirasida 6 ta maxsus elektr tortish stansiyalari ham qurildi. Harakat xavfsizligini ta’minlash uchun yo‘nalish bo‘ylab lozim bo‘lgan yo‘l belgilari va svetoforlar talab doirasida o‘rnatilgan. Rudakiy hamda Gagarin ko‘chalari kesishmasida tramvaylarga texnik xizmat ko‘rsatish deposi ham bunyod etildi. Hozirda bu yerda 21 ta tramvay bo‘lib, keyinchalik yana 42 ta zamonaviy tramvay olib kelish rejalashtirilgan. Bugunga kelib depoda 50 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. 

Samarqand shahrida umumiy uzunligi 34,8 kilometr tramvay yo‘llari qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu kungacha 11, 4 kilometri  barpo etildi. Endilikda temiryo‘lchilar loyihaning ikkinchi bosqich dastlabki yo‘nalishi Narpay ko‘chasidan Kimyogarlar shaharchasigacha bo‘lgan 8.6 kilometrlik yo‘lni barpo etish ustida ish olib borishmoqda. Shuningdek, ayni kunda Rudakiy ko‘chasida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda davom etyapti.      

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida bunday loyihaning foydalanishga topshirilishi nafaqat samarqandliklarga balki, ushbu ko‘xna zaminga tashrif buyurayotgan mexmonlarga ham qulayliklar yaratadi. 
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?