Samarqandda tez yordam mashinalariga boʻlgan ehtiyoj 130 foiz bajarildi

17:25 03 Avgust 2020 Jamiyat
225 0

Samarqand viloyatida bugunga kelib aholining tez tibbiy yordamga murojaatlari sezilarli darajada kamaydi. Buni raqamlar misolida aytadigan boʻlsak, 20-25-iyul kunlari 3500 dan ortiq murojaat qabul qilingan boʻlsa, shu kunlarda 103 raqamiga oʻrtacha 2400-2500 ta qoʻngʻiroq qayd etilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi brifingda maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, keyingi kunlarda tez yordam brigadalarining moddiy-texnik holati tubdan yaxshilanishga erishildi. Tez yordam mashinalarining soni 280 tadan 363 taga yetkazildi. Viloyatning tez yordam mashinalariga boʻlgan ehtiyoji 130 foizga bajarildi.

Bundan tashqari, Jizzaxdagi «Folksvagen» qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilayotgan 10 ta maxsus tez yordam mashinasi ham xarid qilinmoqda.

— Oldingi brifingda Samarqand shahridagi Olimpiya zaxiralari tayyorlash markazida 1080 oʻrinli shifoxona qurilishi haqida gapirgan edik, — deydi viloyati hokimi E.Turdimov. — Bugun mana shu muassasa foydalanish uchun tayyor boʻldi. Shifoxonada koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan va pnevmoniyaga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Eng zarur dori va tibbiy asbob-uskunalar — IVL, kardiomonitor, Bobrov apparati, nebulayzer bilan jihozlandi. 1080 ta oʻrinning barchasiga konsol oʻrnatilib, bemorlarning kislorod bilan davolanishi taʼminlandi.

Mazkur shifoxonada jami 34 nafar vrach, 90 nafar hamshira va 90 nafar kichik tibbiyot xodimi xizmat koʻrsatadi. Bu yerga olib kelingan bemor shu yerning oʻzida rentgenga tushirilib, kardiolog, terapevt va boshqa tor mutaxassis shifokorlar koʻrigidan oʻtkaziladi.

Yangi tashkil qilingan laboratoriyada koronavirus uchun test hamda bemorning holatiga qarab boshqa tahlillar ham shu yerning oʻzida olinadi. Bemorlarga kislorod uzluksizligini taʼminlash maqsadida shifoxonaga zamonaviy kislorod stansiyasi ham qoʻyiladi.

Bugungi kunda viloyatimizda 3 oyga yetadigan dori-darmon vositalari zaxirasi yaratilgan. Bundan tashqari, uyda davolanish uchun qoldirilgan bemorlar uchun 5 000 dona dori jamlanmasi tayyorlandi.

Tegishli poliklinikalar vrachlarining tavsiyasi bilan ushbu dori-darmon jamlanmalari bemorlarga beriladi.

Markaziy harbiy okrugining Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida ham 1000 oʻrinli shifoxonani tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Shu kunlarda davolanayotgan bemorlarni tibbiy konsilium qilish uchun Germaniyadan virusolog olim, professor Bar Varnerni Samarqandga taklif qilindi. Ushbu shifokor 3 kun davomida viloyatda koronavirusga chalinganlar bilan amalga oshirilayotgan profilaktik va davolash ishlari bilan tanishib, oʻzining zarur maslahatlarini ham berdi.

Prezidentimizning 2020-yil 30-iyuldagi farmoniga asosan “temir daftar”ga kiritilgan 47770 ta oilalardan 10 mingtasi tanlab olindi hamda ularga 1 million soʻmdan bir martalik moddiy yordam yetkazib berildi.

Qoʻshimcha ravishda qurbon hayiti arafasida mahalliy byudjet mablagʻlari va homiylar tomonidan yana shu toifadagi 2000 ga yaqin oilalarga jami 2 milliard soʻm miqdorida moddiy yordam pullari berildi.

Samarqand viloyati boʻyicha 47770 ta ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj oilalarning 213 ming nafar aʼzolariga zarur oziq-ovqat toʻplamini xarid qilish xarajatlarini qoplash va moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida oilalarning har bir aʼzosi uchun 220 ming soʻmdan bir martalik yordam pulini 15-avgustgacha ajratish belgilab olingan.

Viloyat boʻyicha tarqatilishi belgilangan pul mablagʻlarining jami qiymati qariyb 47 milliard soʻmni tashkil etadi. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasidagi ishlarimiz bundan keyin ham davom etadi.

Pandemiya sharoitida fuqarolar tomonidan “ish yoʻq” degan juda koʻplab murojaatlar boʻlmoqda. Ish yoʻq emas, ishlashga harakati, xohishi bor insonlarga ish hamisha topiladi.

Bugungi kunda viloyatda birgina qurilish sohasida 8,5 mingdan koʻproq vakant ish oʻrni bor. Bundan tashqari 78 ming gektar maydonga ekilgan takroriy ekinlarni parvarishlash uchun 10 mingdan ziyodroq ishchi kuchiga talab mavjud.

Shuningdek, 754 nafar oʻqituvchi-pedagog xodimlar, 648 nafar sogʻliqni saqlash tizimining turli yoʻnalishlarida oliy maʼlumot talab etiladigan boʻsh ish oʻrinlari bor. Bu joylarga ayniqsa, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashishi maqsadga muvofiq boʻladi. Yil oxirigacha viloyatda 21 800 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Shu bilan bir qatorda joriy yil yakuni bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj “Temir daftar”dagi fuqarolarga shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida yengil konstruksiyali issiqxona, urugʻlik va koʻchatlar hamda sugʻorish vositalarini xarid qilish uchun 16,5 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari ajratish hisobiga 3351 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlanadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?