Samarqandda test sinovlari yakunlandi: 230 nafar abituriyent qoidani buzdi, 9690 nafari imtihonga kelmadi

22:37 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
309 0

2020-yil 12-sentyabr kuni Samarqand viloyatida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakllari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari yakunlandi, deb xabar bermoqda Davlat test markazi viloyat boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Vohid Sirliboyev.

Viloyatda 2020-2021 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga qabul boʻyicha test sinovlari Samarqand shahri hamda Samarqand tumanining toʻrtta hududida oʻtkazildi.

Test sinovlari uchun 6120 ta oʻrin tayyorlanib, joriy yilning 2-12-sentyabr kunlari ikki navbatda oʻtkazildi. Shu kunlari viloyat boʻyicha jami test topshirishi belgilangan 132 248 nafar abituriyentdan 122 325 nafari testda ishtirok etdi, 9690 nafari nomaʼlum sabablarga koʻra qatnashmadi.

Shuningdek, hududga kirishda 98 nafar abituriyent taʼqiqlangan vositalarni olib kirishga uringani, 14 nafari birovning oʻrniga kirmoqchi boʻlgani, test jarayonida 115 nafar abituriyent taʼqiqlangan vositalardan foydalangani, 2 nafari birovning oʻrniga kirgani, 1 nafari test materiallariga shikast yetkazgani uchun, jami 230 nafari test sinovlaridan chetlashtirildi. 3 nafar abituriyentning tana harorati 37 gradusdan yuqori boʻlgani sababli test sinoviga qoʻyilmadi.

Test jarayonida xolislik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida 7-maydonda 14 ta 360 gradusga aylanuvchi hamda 229 ta videokuzatuv orqali doimiy nazorat kameralari oʻrnatildi. Jarayonni onlayn tarzda test2020.uz sayti hamda test2020 mobil ilovasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatish imkoniyati yaratildi.

Viloyatda test sinovlari uchun moʻljallangan maydonlarda 13-14 sentyabr kunlari akademik-litsey abituriyentlari imtihon topshirgan boʻlsa, 15-sentyabr kuni viloyat xalq taʼlimi tasarrufidagi ayrim fanlarga chuqurlashtirib oʻqitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalarining 5-7-sinflariga test sinovlari boʻlib oʻtadi. 16-sentyabr kuni Samarqand shahar “Lokomotiv” stadionida Ichki ishlar vazirligining Samarqand akademik litseyi abituriyentlari uchun test sinovlari oʻtkaziladi. 17-sentyabr kuni tana harorati 37 darajadan ortiq boʻlgani sababli test sinovlaridan chetlatilgan yoki imtihon kuni koronavirus bilan kasallangan abituriyentlar uchun test sinovlari boʻlib oʻtadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?