Samarqandda tarqatilgan tovuq goʻshtida inson salomatligiga zarar yetkazuvchi qariyb 160 turdagi mikrob va bakteriyalar aniqlandi

18:02 11 Mart 2019 Jamiyat
511 0

Illyustrativ foto

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanining “Ulugʻbek” MFYda istiqomat qiluvchi Umar Ortiqov maxsus ruxsatnomasiz Urgut tumanidan oʻzi yashayotgan tumanga tovuq goʻshti yetkazish bilan shugʻullanib kelgan.

“Zarafshon” nashri xabariga koʻra, 22 fevral kuni u Loyish shahridagi “Sharq” kafesiga bir necha qutida (bir qutida 18—20 ta) tovuq goʻshti olib kelgan. Mahsulotning sifatidan shubhalangan kafe xodimlari uni olishdan bosh tortgach, u goʻshtni shaharchaning “Oʻzbekiston” koʻchasida joylashgan boshqa oshxonaga olib borgan. Oshxona bekasi Bahora Abduhamidova tovuq goʻshtini isteʼmolga yaroqsizligini anglab, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Samarqand viloyat hududiy birlashmasining Oqdaryo tuman jamiyatiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

Murojaat tuman DSENM, VSE laboratoriya hamda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tuman jamiyati mutasaddilari ishtirokida oʻrganilgan.

Parranda goʻshti laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazilganda, unda inson salomatligiga zarar yetkazuvchi 157 turdagi mikrob va bakteriyalar aniqlangan. Tarqatilgan parranda goʻshti zudlik bilan tegishli tartibda yoʻq qilingan.

Hozirda tadbirkorga chora koʻrilishi uchun hujjatlar tayyorlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?