Samarqandda qizamiq tarqalyaptimi? Bunga Sogʻliqni saqlash vazirligi qanday munosabat bildirdi?

14:23 06 Avgust 2019 Jamiyat
189 0

Illyustrativ foto

Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot saytlarida tarqalgan “Samarqandda qizamiq tarqalmoqda” materiali yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti(JSST) xabariga koʻra, Yevropaning qator davlatlarida soʻnggi ikki yil davomida qizamiq kasalligi boʻyicha epidemiologik noxush vaziyat saqlanib qolinmoqda. Ushbu kasallikdan oʻlim koʻrsatgichlari oʻtgan yilda mazkur hududda 72 ta holatda qayd etilgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu holatning yuzaga kelishiga asosiy sabab – bu emlashdan voz kechish va natijada aholi orasida emlash bilan qamrab olish darajasining kamayishidir. Shuning uchun ham, 2019-yilda qizamiq kasalligi boʻyicha holat nafaqat Yevropa, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham noxush vaziyat kuzatilmoqda.

2019-yil yanvardan 5-avgustgacha boʻlgan muddatda Samarqand viloyatida 419 ta holatda qizamiqqa gumon qilingan boʻlib, ulardan 29 nafarida kasallik tasdiqlangan. JSSTning xulosasiga koʻra, mamlakatimizga qizamiq virusi boshqa davlatlardan kirib kelganligi tasdiqlandi. 2018-yilda respublika boʻyicha qoʻshimcha profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar natijasida 22 310 nafar kishi qizamiq kasalligiga qarshi emlandi.

Samarqand viloyatida kasallikni kelib chiqishining asosiy sababi ham qizamiqqa qarshi emlanmaganchet ellik fuqarolar boʻlgan. Aholi orasida ushbu kasalliknitarqalishining oldini olish va toʻxtatish maqsadida ular bilan muloqotda boʻlgan 11101 nafar shaxs emlangan. Oʻlim holatlari umuman qayd etilmagan.

Shuni taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasiga 2017 va 2018-yillarda JSSTning “Qizamiq va qizilcha kasalligining eliminatsiyasi” , yaʼni, ushbu kasalliklarning mahalliy tarzda tarqalishining toʻxtatilganligi toʻgʻrisida xalqaro sertifikati berilgan.Unga muvofiq,mamlakatimiz uchun indikator koʻrsatkichi 100000 nafar aholi soniga nisbatan 2 ta holatda kasallik tasdiqlanib, roʻyxatga olinishi mumkin. Hozirda bizda bunday holat kuzatilmayapti. Qolaversa, ayni paytda eliminatsiyani, yaʼni qizamiq tarqalishining toʻxtatilganlik holatini saqlab qolish borasida barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu kasallik tarqalishining oldini olish va oʻchoqlarini toʻliq bartaraf etish maqsadida qoʻshimcha ravishda 100000 doza qizamiq vaksinasi olinib, emlash uchun joylarga yetkazildi. Shuningdek, qizamiq kasalligini oʻz vaqtida aniqlash, tarqalib ketishining oldini olish va davolash hamda bolalarni vaksina profilaktikasi bilan qamrab olish maqsadida epidemiologik nazorat kuchaytirildi.

Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda qizamiq kasalligining profilaktikasi va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.Ushbu jarayonga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida eʼtibor, yillar davomida toʻplangan tajriba va aniq tahlillar mazkur kasallikni eng past koʻrsatkichda ushlab turish hamda uni toʻliq bartaraf etish imkonini bermoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi va JSST tomonidan ushbu tizimli tadbirlarning bajarilishi qatʼiy nazoratga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?