Samarqandda paxta yigʻim-terim mavsumiga tayyorgarlik qizgʻin

18:14 24 Avgust 2020 Jamiyat
308 0

Mirishkor dehqonlarimizning erta bahordan qilgan samarali mehnatlari taroziga tushadigan, paxta xom ashyosidan oppoq xirmon barpo etiladigan bir soʻz bilan aytganda gʻalvirni suvdan koʻtaradigan damlar tobora yaqinlashmoqda. Gʻoʻza maydonlarini defoliatsiya qilish paxtadan moʻl hosil yetishtirish borasidagi muhim agrotexnik tadbirlardan biri sanaladi.

Viloyatning 75 ming 580 gektar paxta maydonlarida defoliatsiyani oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish maqsadida 420 ta OVX purkagichlari belgilangan dislokatsiyalarga yigʻilib, ularning texnik holati koʻzdan kechirildi. Texnika vositalarining qariyb barchasiga sifatli texnik va serviz xizmati koʻrsatilib, mavsumga shay holga keltirildi.

Pastdargʻom tumanida oʻtkazilgan koʻrgazmali seminarda 2020-yil hosiliga tayyorgarlik ishlarining borishi, gʻoʻza defoliatsiyasi tadbirlarini qisqa muddatlarda oʻtkazish, paxta qabul qilish manzilgohlarining mavsumga shayligi singari dolzarb masalalar muhokama etildi.

Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari rahbarlari, viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi, ”Agroservis MTP” hududiy aksiyadorlik jamiyati va «Oʻzagrokimyohimoya» AJning viloyat va tumanlar filiallari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari Feruz Abilov, Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi Nurmamat Tursunov va boshqalar soʻzga chiqib, paxta maydonlarini defoliatsiya qilish tadbirlarini qisqa muddatda oʻtkazish, paxta xom ashyosini qabul qilish bilan bogʻliq masalalar xususida fikr bildirdi.

Taʼkidlandiki, gʻoʻza defoliatsiyasini tashkil etish va uning nazoratini yuritish maqsadida ekspert komissiyalari tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifasi hududlarning maqbul muddatlaridan kelib chiqib, joylardagi harorat, gʻoʻzaning yetilish davri, navi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda har bir fermer xoʻjaligi boʻyicha gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazish muddatlarini belgilashdan iborat.

Shuningdek, defoliatsiya tadbirida qatnashuvchi texnikalarning tayyorgarligi, dalani tanlash, ishchi eritmalar tayyorlash, defoliantlarni qoʻllash meʼyorlariga qoʻyiladigan talablarga ogʻishmay rioya etilishi, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish singari oʻta muhim vazifalar ham mazkur komissiya aʼzolari zimmasiga yuklatilgan.

Seminarda, mavjud 29 ta paxta qabul qilish manzilgohlarining mavsumga shayligi masalasi ham tanqidiy ruhda muhokama etildi. 2020-yil hosilini oʻz vaqtida oʻtkazish, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yigʻishtirib olish maqsadida jiddiy tayyorgarlik koʻrilganligi masalasiga alohida urgʻu berildi.

Jumladan mavsumga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan qabul qilingan reja-dasturga asosan, 30 ta oʻt oʻchirish avtomashinalari, 236 komplekt kichik mexanizatsiya vositalari sifatli tarzda taʼmirlanib, 24 ta yopiq omborlar, 443 ta gʻaram maydonchalari mavjud standartlar asosida tayyorlandi.

Bundan tashqari, 10 ta paxta toʻqimachilik klasterlari tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 6 ming 741 dona brezent keltirildi. Paxta yigʻim-terimini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 248 ming 735 dona terim etagi, 6 ming 557 dona avtoyopqich hamda 7 ming 917 ta qanor qoplar hozirlanganligi tadbirda alohida taʼkidlandi.

Seminar soʻngida, mavsumoldi tayyorgarlik ishlari yuzasidan muhim agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli ijro etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar belgilab olindi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?