Samarqandda ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boshlandi

11:28 07 Fevral 2019 Sport
256 0

Samarqand viloyati sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida ogʻir atletika boʻyicha 2002 yil tugʻilgan va undan kichik yoshdagi oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Besh kun mobaynida oʻtkaziladigan musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 250 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar ishtirok etishmoqda.

Musobaqa doirasida hakamlar va murabbiylar uchun seminar tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Bunda asosan yoshlar bilan ishlash, seleksiya ishlarini tashkil etish, dopingga qarshi kurash boʻyicha treninglar oʻtkaziladi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, musobaqada sovrinli oʻrinlarni egallagan mahoratli sportchilar mamlakat yoshlar terma jamoalariga qabul qilinadi.

Musobaqada yigitlar va qizlar oʻntadan vazn toifasida bahs yuritishmoqda. Bahslar qizgʻin kurashlar ostida oʻtmoqda. Ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashish maqsadida tashkilotchilar va Samarqand viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtirish ham rejalashtirilmoqda.

Musobaqa 10 fevralga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?