Samarqandda nufuzli xalqaro anjuman boʻlib oʻtmoqda

14:07 03 Mart 2020 Jamiyat
360 0

Foto: Alixan Utarbekov / “Xalq soʻzi”

Samarqand shahridagi Forumlar saroyida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida Misrdagi Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbir Qurʼoni karim tilovati bilan boshlandi.

Foto: Alixan Utarbekov / “Xalq soʻzi”

Unda al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Iordaniya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Shveysariya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston kabi mamlakatlardan 70 ga yaqin ulamolar, islomshunos olimlar, nufuzli taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning ochilish marosimida Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va boshqalar ishtirok etib, nutq soʻzladi.

Foto: Alixan Utarbekov / “Xalq soʻzi”

Xalqaro konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyibga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvoni berildi.

Anjumanda Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov xalq deputatlari shahar Kengashi va faollarining bu haqdagi qarorini oʻqib eshittirdi. Shayx Ahmad Tayyibga ushbu unvon va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shayx Ahmad Tayyib ushbu yuksak eʼtibor hamda Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimotiga bagʻishlangan nufuzli konferensiyaning oʻtkazilishi tashabbuskori boʻlgan Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, azaldan madaniyat, maʼrifat va taʼlim markazlaridan biri sifatida eʼtirof etiladigan koʻhna Samarqand, xususan, alloma bobomiz Imom Abu Mansur Moturidiyning islom taraqqiyotidagi beqiyos oʻrnini eʼtirof etdi.

Foto: Alixan Utarbekov / “Xalq soʻzi”

Tanaffus paytida “Al-Azhar” majmuasi rahbariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ezgu tilaklari yozilgan nomasi va Burhoniddin Margʻinoniy “Hidoya” asarining XIII asrga oid nusxasi — faksimilesi topshirildi.

Shayx Ahmad Tayyib ushbu yuksak eʼtibor uchun minnatdorligini qayd etib, Prezidentimizga ham oʻzining cheksiz ehtiromini bildirdi. Tuhfa qilingan noyob kitob esa “Al-Azhar” majmuasida qimmatli tarixiy manba sifatida oʻrganilishi va yana-da keng tadqiq etilishini maʼlum qildi.

Yalpi yigʻilish davom etyapti. Tadbirda martabali xorijlik mehmonlar — “Al-Azhar” majmuasi vakillari, shuningdek, eʼtiborli ulamolar kengashi va Musulmon donishmandlari kengashi allomalarining maʼruzalari tinglanmoqda.

Foto: Alixan Utarbekov / “Xalq soʻzi”

Anjumanning yalpi yigʻilishida mamlakatimizda soʻnggi yillarda asriy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, xususan, ezgulik va yaxshilikka asoslangan islom dinining asl mohiyatini targʻib qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Islom dini rivojida beqiyos oʻrin egallaydigan Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan mazkur anjumanda muhokama etiladigan mavzular islomning asl mohiyatini targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etishi, konferensiya yakuni boʻyicha qabul qilinadigan hujjatlar esa islom madaniyati va sivilizatsiyasini yana-da taraqqiy ettirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?