Samarqandda Mirzo Ulug‘bek nomidagi I xalqaro olimpiada boshlandi

18:06 20 Iyun 2018 Jamiyat
450 0


Samarqand temiryo‘l vokzalida mamlakatimizda fizika va astronomiya fanlaridan umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida ilk marotaba o‘tkazilayotgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada ishtirokchilari viloyat hokimligi, jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali kutib olindi.

Mehmonlar qadimiy va navqiron shaharning tarixiy obidalari, diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qilishdi. Mirzo Ulug‘bek observatoriyasini tomosha qilib, ulug‘ astronom haykali poyiga gullar qo‘yishdi.

“Mo‘jiza” amfiteatrida o‘tkazilgan olimpiadaning ochilish marosimida ajdodlarimizning ibratli hayoti, serqirra faoliyati, ilm-fan rivoji yo‘lida amalga oshirgan ishlari bugun jahon ahlini hayratga solayotgani, O‘zbekiston zamini nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgani xalqaro miqyosda tan olinayotgani ta’kidlandi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek Xitoydan Vizantiyagacha, Erondan Usmonlilar saltanatigacha bo‘lgan mamlakatlardan olimlarni chorlab, ularga homiylik qilgan. Alloma rahnamoligida olimlar riyoziyot, handasa, tabiatshunoslik kabi aniq fanlar sohasida samarali ilmiy izlanishlar olib borgan. Olimning “Ziji Ko‘ragoniy” asari bugungi kunda ham keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tanlovda yurtimiz yoshlari bilan birga Rossiya, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa davlatlardan o‘quvchilar qatnashmoqda. Fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha o‘tayotgan olimpiada materiallari o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan. Ishtirokchilar bilimini dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining professor-o‘qituvchilari, yurtimizning tajribali olimlari, amaliyotchi o‘qituvchilaridan iborat hakamlar baholamoqda.

— Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani, ayniqsa, astronomiya rivojiga qo‘shgan hissasi, xususan, uning mingdan ziyod yulduzning osmondagi aniq koordinatasi jamlangan astronomik jadvali — “Ziji Ko‘ragoniy” asari o‘rta asrlarda Osiyo va Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgani haqida ustozlardan eshitganman, — deydi qozog‘istonlik ishtirokchi Yerjon Kengesov. — Yevropalik astronomlar uni lotin, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilgan, unga sharhlar bitishgan. O‘rta asrlarda yozilgan hech bir astronomik asar bunchalik keng ommalashmagan va shuhrat qozonmagan ekan. Allomaning rasadxonasini tomosha qilib, buyuk bobokalonimiz qo‘llagan osmon jismlarini kuzatishning o‘ziga xos usullari, asbob-uskunalardan hayratim oshdi. O‘z davrida jahon astronomiya markaziga aylangan bu dargoh har bir Markaziy osiyolikning qalbini g‘ururga to‘ldiradi, albatta. Ko‘p yillar samoni kuzatgan, quyosh, oy, sayyoralarning harakatlarini o‘rgangan, yulduzlar koordinatasini aniq o‘lchagan buyuk olim nomidagi ushbu olimpiada biz, yoshlarni buyuk ajdodlarga munosib bo‘lishga, o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga undaydi.
Xalqaro olimpiada g‘oliblari shu yilning 23 iyun kuni tantanali taqdirlanadi.
Mamadiyor ZIYODINOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?