Samarqandda yil boshidan buyon 122,7 mlrd soʻm soliqlar hisoblanmay qolib ketgan

18:32 21 May 2019 Iqtisodiyot
252 0

Joriy yilning I choragi davomida Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilgan kameral nazorat tadbirlari natijasida 7222 ta korxona tomonidan 122,7 mlrd. soʻm miqdoridagi soliq hisoblanmay qolayotgani aniqlandi. Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi davlat soliq katta inspektori Umid Alimov “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Jumladan, 6577 ta korxona 119,8 mlrd. soʻm miqdoridagi soliqni hisoblamaganligi tasdiqlandi. Shuningdek, 85,2 mlrd. soʻm hisoblangan qoʻshimcha soliqlar byudjetga undirilgan.

Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “A.T.” MCHJda oʻtkazilgan kameral nazorat tadbirida soliqlar hisob-kitobida xatolarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi. Chunonchi, tadbirkorlik subyekti 2018 yil uchun taqdim etgan qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobotida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan sof tushumni 692,9 mln. soʻm, QQSni 138,6 mln. soʻm sifatida koʻrsatgan.

Tashqi manbadan olingan maʼlumotga koʻra, aviatashuvlarni oldindan bron qilish, qayta rasmiylashtirish va sotishni amalga oshirishda vositachilik faoliyati bilan shugʻullangan “A.T.” korxonasiga toʻlab berilgan mukofot pullari 965,6 mln. soʻm (shundan QQS 160,9 mln. soʻm) hisoblangan. Holbuki, QQS hisobotida esa 134,1 mln. soʻm koʻrsatilmagan. Buning oqibatida byudjetga 22,3 mln. soʻm QQS hisoblanmagan.

Ushbu holat yuzasidan davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik subyektiga murojaat xati yuborilib, kamchiliklar boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Samarqand shahridagi “S.E.” MCHJ joriy yilning I choragi yakuni boʻyicha soliq organlariga nol koʻrsatkichda hisobot taqdim etgan. Tashqi manba maʼlumotlarida jamiyat tomonidan 2019 yil yanvar-mart oylarida tovarlar, ishlar, xizmatlarni realizatsiya qilinganligi natijasida bank hisob raqamiga jami 135,5 mln. soʻmlik tushum amalga oshirilgani qayd qilingan. Natijada 22,6 mln. soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻi davlat byudjetiga hisoblanmasdan qolgani aniqlandi.

Tadbirkorlik subyektiga mazkur kamchiliklar yuzasidan talabnoma yuborildi. “S.E.” MCHJ ushbu kamchiliklar yuzasidan 16,0 mln. soʻmga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha qayta hisobotlar va 6,6 mln. soʻmga tafovutlar asosini taqdim qildi.

Urgut tumanida faoliyat olib boruvchi “U.T.” MCHJ ham kamchiliklarga yoʻl qoʻygani kameral nazorat orqali yuzaga chiqdi. Chunonchi, “U.T.” 2018 yil davomida soliq imtiyozlarida notoʻgʻri foydalangan ekan. Buning oqibatida 8,3 mln. soʻm yagona soliq toʻlovi toʻlanmay qolgan. Tadbirkorlik subyekti ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, 8,3 mln. soʻm yagona soliq toʻlovini byudjetga toʻlab berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?