Samarqandda Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi boshlandi

12:09 22 Noyabr 2018 Jamiyat
806 0

Foto: Sputnik / Ramiz Baxtiyarov

Mazkur dolzarb mavzuga bagʻishlangan nufuzli anjuman Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarligi idorasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy byurosi, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori vakolatxonasi, BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB), YEXHT Parlamenti assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilyapti. Unda milliy va xorijiy ekspertlar, parlamentlar, sud tizimi, huquqni muhofaza qilish organlari, hisobotlar taqdim etish va keyingi harakatlar boʻyicha davlat muvofiqlashtirish organlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro va mintaqaviy hukumatlararo tashkilotlarning 150 ga yaqin vakillari ishtirok etmoqda. Xususan, unda mezbonlardan tashqari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Moʻgʻiliston, Xitoy, Armaniston, Afgʻoniston, Indoneziya, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Eron, Ozarbayjon, Gruziya, Daniya kabi oʻttizdan ortiq mamlakatdan mehmonlar ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish qatnashchilarga videomurojaat yoʻllab, mazkur forum nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etdi va uning ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Maʼlumot uchun, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida tuzilma rahbarlari bilan uchrashuvlari chogʻida 2018 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumini oʻtkazish tashabbusini bildirgan edi.

Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumining asosiy maqsadi bugungi kunda Barqaror rivojlantirish maqsadlarining 2030-yilgacha Dastur vazifalariga erishishda Osiyo mintaqasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, insoniylik mezoni sohasidagi YEXHT majburiyatlari va ularning zamonaviy Osiyo mintaqasidagi ahamiyatining mosligiga yana bir bor ishonch hosil qilishdan iboratdir.

Maʼlumki, 70 yil oldin qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (IHUD) inson huquqlari tarixidagi muhim hujjatdir. Ushbu hujjat barcha xalqlar va millatlar uchun umumiy muvaffaqiyatlar standarti sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yil 10 dekabrda Parijda eʼlon qilingan. Unda umumiy muhofaza qilinishi zarur boʻlgan asosiy inson huquqlari eʼtirof etiladi va inson qadr-qimmatini tan olish dunyodagi adolat va tinchlikning asosi ekanligi taʼkidlanadi.

Forum tafsilotlari bilan saytimiz orqali tanishtirib boramiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?