Samarqandda ilk bor 10 nafar bemor bolada ochiq usuldagi kardiojarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi

15:29 18 Yanvar 2019 Jamiyat
814 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, har yili har yuz ming chaqaloqdan olti-oʻn nafari tugʻma yurak nuqsoni bilan tugʻiladi. Shu bois ushbu xastalikning oldini olish, erta aniqlash va bemor bolalarni darddan forigʻ etish zamonaviy tibbiyot oldidagi dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.

Mamlakatimizda bu boradagi muhim vazifalarni hayotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozirda bolalarda uchraydigan tugʻma yurak nuqsonlaridek murakkab jarrohlik amaliyotlari Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yuqori tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan kardiojarrohlik majmuasida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida, shuningdek, Andijon, Namangan va Xorazmdagi shifo muassasalarida muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda.

2018 yilda Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida bolalar kardiojarrohlik boʻlimining tashkil etilishi bunday zamonaviy shifo maskanlari sonining yana bittaga koʻpaytirdi. Mazkur muassasa Sogʻliqni saqlash vazirligi va viloyat hokimligi koʻmagida bolalar kardiojarrohligida qoʻllaniladigan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Jumladan, klinikada operatsiyalarni xalqaro andozalar talablari asosida oʻtkazish imkonini beradigan zamonaviy sunʼiy qon aylanish apparati mavjud.

Ushbu klinikaning yana bir yutugʻi – bu yerda yuqori malakali mutaxassislarning jamlanganidir. Mamlakatimiz olimlari va malakali shifokorlar bilan bir qatorda Moskvadagi A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida faoliyat yuritgan uch nafar yurtdoshlarimiz – tibbiyot fanlari nomzodi Maqsud Saidov, malakali shifokorlar Ikrom Mallayev, Mirzohid Temirovlar yurtimizga qaytib xalqimizga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. Shunday yuqori malakali mutaxassislar jamlangan kardiojarrohlik boʻlimida bir yilga yaqin vaqt mobaynida sakson nafardan koʻproq bemor bolalarda yuqori texnologiyali operatsiyalar oʻtkazildi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bolalarda uchraydigan tugʻma yurak nuqsonlarining turi koʻp. Ularning baʼzilarini yopiq yoʻl bilan operatsiya qilish orqali davolash mumkin. Biroq, yurak klapanlari bilan bogʻliq murakkab patalogiyalarni faqat ochiq operatsiya usulidagina bartaraf etish mumkin. Bu operatsiyani oʻtkazish uchun sunʼiy qon aylanish apparati va boshqa zamonaviy tibbiy sharoitlar, eng muhimi, malakali mutaxassislar hamkorligi talab etiladi. Ayni paytda viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida shunday sharoit yaratilgan.

Quvonarlisi, kuni kecha markazda sunʼiy qon aylantirish uskunasi yordamida toʻxtatilgan yurakda oʻn nafar bemorda ochiq jarrohlik amaliyoti bajarildi. Boʻlmachalararo toʻsiq nuqsoni va qorinchalararo toʻsiq nuqsoni boʻlgan ikki turdagi yurak porogi operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtdi. Teletibbiyot imkoniyatlaridan foydalanib oʻtkazilgan operatsiyani rossiyalik mutaxassislar kuzatib bordi. Yaqin kunlarda boʻlimda yana oʻnlab bemor bolalarda shunday noyob jarrohlik amaliyotini oʻtkazish, joriy yil mobaynida esa yana 300 nafardan ziyod bemor bolaga shunday yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatish rejalashtirilgan.

– Bolalarda uchraydigan tugʻma yurak nuqsonlarini ochiq usulda operatsiya qilish dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagina amalga oshiriladi, – deydi markaz kardioxirurgiya boʻlimi boshligʻi Maqsud Saidov. – Davlatimiz tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli bunday zamonaviy operatsiya mamlakatimiz tibbiyotiga ham tatbiq etilmoqda. Jumladan, endi bunday jarrohlik amaliyotlari Samarqandda ham bajariladi. Bunday imkoniyatlar yurtimga qaytishimga turtki boʻldi. Bu yerda samarali mehnat qilishimiz, ilmiy salohiyatimizni roʻyobga chiqari, dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan klinikalari bilan hamkorlik qilishimiz mumkin.

Bunday yuksak eʼtibor tibbiyotimizning ilgʻor mamlakatlari bilan tenglashishi, eng muhimi, xalqimizning tibbiy xizmatdan rozi boʻlishiga erishish yoʻlida muhim qadam boʻladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?