Samarqandda ikki sotix yerdan 10 milliongacha daromad qilinmoqda

08:44 17 Aprel 2020 Jamiyat
551 0

Bugun ayni bahor paytlari koʻpchilik karantin sababli oʻz uylarida. OAV da, ijtimoiy tarmoqlarda tomorqadan, yerdan unumli foydalanish aholining iqtisodiy sharoitini yaxshilashning muhim omili sifatida targʻibot ishlari olib borilyapti.

Bundan toʻgʻri xulosa chiqarayotganlar ham, befarq boʻlayotganlar ham bor. “Izlagan imkon topar” deganlaridek, keyingi yillarda tomorqasidan samarali foydalanib, kerak boʻlsa issiqxonalar qurib daromad olayotganlar koʻp.

- OAV va ijtimoiy tarmoqlarni doimo kuzatib boraman, — deydi Past Dargʻom tumanining Imomjon qadimiy yodgorligi mahallasida yashovchi Zafarxon Qilichev. — “Tomorqaning hech boʻlmaganda yarmiga roʻzgʻorbop ekin ekmaslik bu yerga xiyonat” degan gaplarga toʻliq qoʻshilaman. Toʻgʻrida kambagʻallik, iqtisodiy yetishmovchilik bu qaysidir maʼnoda harakatsizlik, yalqovlikdan. Mana men oilamiz bilan hovlida 4 sotix joyga issiqxona qurgan edim.

Oʻtgan yili boshlanishiga tajribali tomorqachilarning maslahati bilan bodring ekdim. Yoz boʻyi roʻzgʻor ehtiyojiga shundan olgan daromad yaradi. Orttirgan jamgʻarmamiz ham boʻldi. Muhimi, shu yerning oʻzidan uch martagacha hosil olinishi hisobga olinsa, daromadni xomchoʻt qilish oson. Qiziqish ortdi. Mana bu yil esa fevral oyida pomidor ekdim. Nasib boʻlsa may oyida pomidor pishib yetiladi. Hozir gulga kirib hosilga “oʻtirgan”. Hosil choʻgʻidan barakali daromad qilishni choʻtlayapman.

Oqdaryo tumanidagi “Dahbed” mahallasida Rahmatovlar oilasi istiqomat qiladi. Komil aka rafiqasi Munavvar Usmonova va bolalari bilan birgalikda 10 sotixli yer uchastkasida doimiy mehnat bilan mashgʻul. Ular bogʻdorchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, sabzavotchilik va boshqa bir qator oʻsimliklar yetishtirish bilan shugʻullanishadi.

Oilada ertalabdan hayot qizgʻin. Har xil turdagi 300 ta baliq, 500 ta bedana, 100 ta tovuq, gʻoz, oʻrdak, dekorativ xoʻrozlar parvarishlanmoqda. Nafaqaga chiqqan oʻqituvchi Munavvar Usmonovaning soʻzlariga koʻra, uch yil oldin bularning hech qaysi biri boʻlmagan. Prezidentimiz tashabbusi bilan oila imtiyozli kredit olib, oʻz faoliyatini parrandachilik sohasi bilan boshlagan.

- Bizda boʻsh joy yoʻq, aks holda boshqa yoʻnalishlarda ham faoliyat yuritishimiz mumkin edi, — deydi Munavvar Usmonova. — Bizda vaqt yetarli, nafaqat qishloq xoʻjaligi, uy yumushlariga, balki kitob oʻqishga ham vaqtimiz yetarli.

Ishtixon tumanidagi Koʻtarma mahallasida yashovchi fuqarolar koʻchat yetishtirish va dehqonchilikdan moʻl hosil yetishtirish orqali daromad olishadi. Bu yerda qish yakunlanib, bahor kirib kelishi bilan issiqxonalarda pomidor koʻchatlari yetishtirish ishlari boshlab yuboriladi. Koʻchatlar tayyor boʻlgach, bozorga chiqariladi va boʻshab qolgan yerga takroriy ekin ekilib, daromad olishning ikkinchi bosqichi boshlanadi.

- Ikki sotix yerdan 10 milliongacha daromad qilamiz, — deydi Akmal Baratov. — Bundan tashqari Damariq mahallasida 50 sotixga uzum ekkanmiz. Undan bir yilda 30 milliondan ortiq daromad qilamiz. Roʻzgʻor tebratish, orzu oʻylarimiz roʻyobi shu mehnatimiz orqasidan boʻladi.

Kattaqangʻli mahallasida esa aholi tomorqalarida asosan qulupnay yetishtiriladi.

- 5 sotix yerdan 10, 11 milliongacha daromad qilamiz, — deydi Holiqul Saibnazarov. — Ikki sotix yerdan uch martagacha takroriy ekin ekib, daromadimizni oshirib bormoqdamiz. Oʻtgan yil olgan daromadimizdan toʻy qildik.

Albatta, bu kabi insonlarning birgina oʻz tomorqasidan foydalanib, daromad orttirayotganligi maqtovga loyiq. Ular erishayotgan yutuqlarning barchasi avvalo har bir oilaning hamjihat boʻlib mehnat qilishidan. Ammo, “guruch kurmaksiz boʻlmaydi”, deganlaridek baʼzi fuqarolarning oʻz mulkiga boʻlgan befarq munosabati juda achinarli. Bugun Samarqand viloyatda ham ayrim mahallalarda xonadonlar egalarining tomorqadan foydalanish, ekin ekish ishlariga befarqlik bilan qarashayotganligi aniqlanmoqda. Ular ham yuqorida misol qilib keltirib oʻtilgan oilalar tajribasidan oʻrnak olishsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(“Xalq soʻzi“)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?