Samarqandda hujjatsiz faoliyat yuritayotganlarning 30 mln soʻmdan ortiq tovarlari olib qoʻyildi

09:36 11 Fevral 2019 Jamiyat
348 0

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahar va tumanlarda tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat yuritayotganlarni aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati DSB Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi Shamil Mutalibov “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Narpay tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida fuqaro Gʻ.Ch oʻz uyida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan noqonuniy ravishda stomatologiya xizmatini koʻrsatib kelgani aniqlandi. Natijada fuqarodan daliliy ashyo sifatida 15 mln soʻmlik bormashina va 1,3 mln soʻmlik havo kompressori vaqtinchalik saqlash uchun olib qoʻyildi.

Tayloq tumanida oʻtkazilgan nazorat tadbirida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan savdo faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan “tadbirkorlar” aniqlandi. Xususan, fuqaro H.N hujjatsiz ayollar kiyim-kechagi savdosi bilan shugʻullanganligi uchun undan jami qiymati 5 mln 580 ming soʻmlik tovarlar daliliy ashyo sifatida olindi. Tayloqliq H.A ham davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, erkaklar poyabzallari va kiyim-kechaklari savdosi bilan shugʻullanib kelgani maʼlum boʻldi. Nazorat tadbiri davomida undan 1 mln 265 ming soʻmlik tovarlar olib qoʻyildi.

Shu tumandan M.D ayollar kiyim-kechagi savdosi bilan hujjatsiz faoliyat yuritishni oʻziga ep koʻrgan. Davlat roʻyxatidan oʻtmay faoliyat yuritgan fuqaroning 3 mln 705 ming soʻmlik tovari daliliy ashyo sifatida olindi.

Jomboylik T.A esa oʻzi yashab turgan xonadonda noqonuniy ravishda yashirin sex tashkil etishdan tap tortmadi. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida siri fosh boʻlgan “tadbirkor”ning qiymati 700 ming soʻmlik alyuminiy profillarga ishlov beruvchi freza apparati va 250 ming soʻmlik dreli olib qoʻyildi.

Joriy yilning 1-6 fevral kunlari joylarda oʻtkazilgan 15 ta nazorat tadbiri davomida tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritib kelgan fuqarolardan jami 30 million 441 ming 800 soʻmlik tovarlar olib qoʻyilganini taʼkidlash joiz.

Viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida joriy yilning fevral oyida 717 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Shuningdek, 314 nafar tadbirkor faoliyatini qayta tikladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?