Samarqandda “Hududlar va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish” koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda

10:04 23 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
183 0

Davlatimiz rahbari 2020-yilning 21-avgust kuni Toshkent shahrining Bektemir tumanida boʻlib oʻtgan koʻrgazmada yurtimizga import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish va tadbirkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish borasida mutasaddilarga qator topshiriqlar bergan edi. Ana shu vazifalarning ijrosi doirasida Jomboy tumanida joylashgan “Uz Auto TRAILER” masʼuliyati cheklangan jamiyatida “Hududlar va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish”ga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etildi.

22-23-sentyabr kunlari oʻtkazilayotgan mazkur koʻrgazmada Vazirlar Mahkamasi, «Oʻzavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati va Savdo-sanoat palatasi masʼullari, viloyat hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari boʻyicha maslahatchilari hamda viloyatdagi avtomobil korxonalari rahbarlari, hududlardagi butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar ishtirok etishmoqda.

Mazkur koʻrgazma yurtimizdagi kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari hamda avtomobilsozlik korxonalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini oʻrnatish va kengaytirish maqsadida oʻtkazilmoqda.

— Prezidentimizning topshiriqlari asosida joriy yilning 28-avgust kuni viloyatimizda ham shunday koʻrgazma tashkil etildi. Oʻtgan vaqtda viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan 300 dan ortiq tadbirkor kelib 37 yoʻnalishda memorandumlar imzoladi, - deydi viloyat hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari boʻyicha yordamchisi Nozir Ibragimov. - Bu galgi koʻrgazmaning birinchi kunida respublikamizning 10 dan ortiq viloyatlaridan 150 dan ziyod ishlab chiqaruvchilari kelib, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan mahsulotlar bilan tanishmoqda. Viloyatimizdagi 3 ta korxona misolida oladigan boʻlsak, oʻtgan 8 oyda korxonalarimiz tomonidan 93,5 million dollarlik ehtiyot qismlar import qilingan. Bu oddiy butlovchi buyumlar uchun ham valyutaning chetga chiqarilayotganini koʻrsatmoqda. Mazkur koʻrgazmada mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan mahsulotlar 3 xil rangga ajratilib, ehtiyoj, import summasi, talab miqdorlari belgilangan. Yaʼni, koʻk rangdagilar mahalliylashtirilgan, sariq ranglilari boʻyicha jarayon davom etmoqda va qizil rangdagi butlovchi qismlar xorijdan import qilinayotgan mahsulotlar hisoblanadi. Bu mahsulotlarni yuqori texnologiyali butlovchi qismlar boʻlmaganligi uchun kichik tadbirkorlik subyektlari ham ishlab chiqarishi mumkin.

— Biz yengil va yuk avtomobillari uchun 100 dan ortiq yoritish chiroqlari, yon koʻzgular ishlab chiqaramiz, - deydi Namangan viloyatidagi “KADEER PARTS INDUSTRY” xorijiy korxonasi direktori Mehruzbek Joʻrayev. – Mahsulotimizning bir qismini ichki bozorga hamda MDH davlatlari, Koreya, Xitoy va Yevropa mamlakatlariga eksport qilamiz. 28-avgustda tashkil etilgan koʻrgazmada Samarqand viloyatidagi 3 ta korxonaga 3 ming juft yoritish chiroqlari yetkazib berish borasida memorandum imzolagan edik. Bugungi koʻrgazmada mahalliylashtirish murakkab boʻlmagan mahsulotlarni aniqlab, korxonamizda ishlab chiqarish imkoniyatlarini oʻrganyapmiz.

Koʻrgazmada ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash va V2V formatidagi uchrashuvlar oʻtkazish ham rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?