Samarqandda “Hindiston - Markaziy Osiyo” muloqoti majlisi boʻlib oʻtadi

16:53 11 Sentyabr 2018 Jamiyat
110 0

13-14 sentyabr kunlari Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining 5-majlisi boʻlib oʻtadi, deb xabar qildi Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.

Tadbir Xalqaro munosabatlar axborot-tahliliy markazi tomonidan Xalqaro ishlar boʻyicha Hindiston kengashi bilan hamkorlikda tashkillashtirilmoqda.

Hindistonning nufuzli “aql markazlari”dan tashkil topgan delegatsiyaga Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar Davlat vaziri Mobashar Javad Akbar boshchilik qiladi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi olim va ekspertlari ham ishtirok etadilar.

Boʻlajak forum chogʻida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning joriy dinamikasi, barqaror taraqqiyotga qarshi qaratilgan xavf va tahdidlar bilan birgalikda kurashish masalalari koʻrib chiqiladi.

Shuningdek Markaziy Osiyo davlatlarining Hindiston bilan siyosat, iqtisod, xavfsizlik va madaniyat sohalaridagi hamkorligini chuqurlashtirish borasidagi dolzarb taklif va tavsiyalarini ishlab chiqish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?