Samarqandda haydovchilar 2 oyda salkam 10 mlrd soʻm jarima toʻlagan

11:53 06 Noyabr 2018 Jamiyat
628 0

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida viloyatimizda 232 mingga yaqin yoʻl harakati qoidalarini buzish holati qayd etilgan. Shundan 95 ming 900 tasi qoʻpol, 6 ming 261 tasi mast holda transport vositasini boshqarish, 10 mingga yaqini piyodalar bilan bogʻliq qoidabuzarliklardir.

– Viloyatda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan, – deydi viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi masʼul xodimi Nuriddin Ha­yitov “Zarafshon“ga bergan intervyusida. – Mazkur dastur ijrosi yuzasidan viloyatdagi idora va tashkilotlar, jamoatchilik vakillari bilan kelishilgan holda zarur choralar belgilangan.

Xususan, viloyat hududidagi avtomobil yoʻllari yoqasida 74 joyda yoʻl harakati ishtirokchilarini hush­yorlikka, ogohlikka chaqiruvchi bannerlar, plakatlar oʻrnatildi. Shuningdek, yirik savdo majmualari, yoqilgʻi quyish shoxobchalari kirish joylarida kichik hajmli va Samarqand shahri koʻchalaridagi 12 ta katta hajmli ekranlarga yoʻl harakati qoidalarini targʻib qiluvchi videoroliklar joylashtirildi.

Viloyat avtomobil yoʻl­larida yoʻl belgilari ham koʻzdan kechirilib, qoʻshimcha 1713 ta yoʻl belgilari oʻrnatildi va 739 metr 1-guruh muhofazalovchi toʻ­siqlar qoʻyildi.

– Yoʻl harakati hodisasiga aksariyat hollarda haydovchilar tomonidan tezlikni oshirish sabab boʻlmoqda. Bunday holatlarning oldini olishga qa­ratilgan choralar ham koʻrilmoqda. Jumladan, viloyat hududidan oʻtuvchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllariga 71 ta tezlikni oʻlchash uskunalari va 27 ta yoʻl-patrul xizmat avtomashinasi mulyaji oʻrnatildi.

Bundan tashqari, on-layn tizimda ishlovchi 4 ta “Arena“ rusumli tezlikni oʻlchash uskunasi hududlarga joylashtirildi. Ushbu zamonaviy uskunalar yordamida 2 oy davomida 26 mingga yaqin qoidabuzarlik aniqlandi. Qoidabuzarlardan jami 10 milliard soʻmga yaqin jarima undirildi.

Shuningdek, qoʻpol qoidabuzarliklar, xususan, mast holda avtotransport vositasini boshqargan va inson oʻlimiga olib kelgan yoʻl-transport hodisasini sodir etgan shaxslar ishi yuzasidan mahallalarda hududiy sudlar bilan hamkorlikda sayyor sud majlislari oʻtkazilmoqda.

Ushbu choralar oʻz natijasini bermoqda. Jumladan, yoʻl-transport hodisalari oʻtgan yilga nisbatan 7,5, halok boʻlganlar soni 9,6, tan jarohati olganlar soni 10,7, bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalari 27,8 foizga kamaydi.

Avtomobil yoʻllarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “Tele­gram“ messenjerida bosh­qarmaning oʻz kanali, “Facebook“ ijtimoiy tarmogʻida sahifalari ochilgan. Ushbu internet tarmoqlari orqali fuqarolardan kelib tushgan maʼlumotlar asosida joriy yilda 417 ta qoidabuzarlik aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?