Samarqandda hadis ilmi maktabi tashkil etildi

11:10 06 Noyabr 2018 Jamiyat
433 0

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 1 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, mazkur yangi taʼlim muassasasi Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Xoʻja Ismoil shaharchasida bunyod etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi binosida ish olib boradi.

Hozirda yurtimizda faoliyat olib borayotgan oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarida darslar umumiy yoʻnalishda olib boriladi. Shu bois, hadis ilmini oʻrgatishga ixtisoslashgan taʼlim yoʻnalishidagi ilm dargohiga ehtiyoj bor edi. Chunki buyuk muhaddislar yashab oʻtgan zaminimizda hadis ilmi boʻyicha bilimdon, bobolar yoʻlini munosib davom ettiradigan mutaxassislarga talab yuqori.

Islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur oʻrganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda dinimiz asoslari va hadis ilmini puxta oʻzlashtirgan oliy maʼlymotli yetuk mutaxassislar tayyorlash maqsadida tashkil etilayotgan ushbu taʼlim dargohi ayni ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

Hadis ilmi maktabi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muassisligida oliy taʼlim beruvchi nodavlat taʼlim muassasasi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?