Samarqandda gultuvakka ekilgan marixuana o‘simligi topildi

17:31 13 Avgust 2018 Jamiyat
1095 0

Yaqinda Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonun buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning iyun-iyul oylarida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Bosh pochtamt” TIF bojxona posti “Xalqaro pochtamt” filialiga Buyuk Britaniya va Gollandiya davlatlaridan Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro L.D. nomiga giyohvandlik vositalari kelgani aniqlandi.

Bojxona xodimlari kalavaning uchini topish maqsadida arqonni uzun tashlashdi hamda tegishli pochta jo‘natmalarini Samarqand shahar pochta xizmatiga topshirib, fuqaro L.D.ni tezkor kuzatuvga olishdi. Natijada, fuqaro L.D. pochta xizmatidan o‘zining “sovg‘a”larini qabul qilib olayotganida bojxonachilar tomonidan uyushtirilgan kutilmagan “sovg‘a”ga duch kelib qoldi.

Shundan so‘ng fuqaro L.D.ning uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ushbu xonadonda umumiy miqdori 84,4 gramm bo‘lgan har xil turdagi giyohvandlik moddalari va gultuvakka ekilgan marixuana o‘simligi borligi aniqlandi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha deganlaridek, fuqaro L.D.ning kirdikorlariga bojxonachilar tomonidan o‘z vaqtida chek qo‘yildi.

Hozirgi kunda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari amalga oshirilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?