Samarqandda tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi yakunlandi

03:49 14 Yanvar 2019 Jamiyat
537 0

Foto: Anvar Ilyosov.

2019-yilning 12-13-yanvar kunlari Samarqand shahrida Afgʻoniston ishtirokidagi “Hindiston — Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida xabar qilinadi.

Samarqand Forumlar saroyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj raislik qildilar.

Yalpi sessiyada Qirgʻiziston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari Chingiz Aydarbekov, Beybut Atamqulov, Sirojiddin Muhriddin, Rashid Meredov ikki va koʻp tomonlama shakllarda Hindiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli masalalarni muhokama qildilar.

Tadbirda oʻzaro savdo oʻsishiga koʻmaklashish choralari, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga sarmoya, innovatsiya, texnologiyalarni jalb qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari, Markaziy Osiyo davlatlarining tranzit hamda transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirish, turistik safarlarni oshirish, shuningdek, ilm-fan, tibbiyot, taʼlim va sport sohalarida muayyan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Delegatsiyalar rahbarlari nutqlarida BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini inobatga olgan holda yoshlarga oid qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga asosiy eʼtibor qaratildi.

Muloqotning alohida yalpi sessiyasida Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

“Hindiston — Markaziy Osiyo” muloqotining tashqi ishlar vazirlari Afgʻonistonning nufuzli delegatsiyasi ishtirokini maʼqulladilar hamda mamlakatni mintaqa va jahon iqtisodiy aloqalari tizimiga jalb etishga xizmat qiladigan qoʻshma infratuzilma, tranzit-transport, energetika hamda boshqa loyihalarni amalga oshirish orqali Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga yordam berishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.

Tomonlar 2019-yilning ikkinchi yarmida Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Afgʻoniston boʻyicha sakkizinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini (RECCA VIII) oʻtkazishga tayyorgarlik doirasida hamkorlik qilishga hozir ekanliklarini tasdiqladilar.

Delegatsiyalar rahbarlari Muloqot ishtirokchi davlatlari ishbilarmon doiralari oʻrtasida bevosita aloqalarni faollashtirish, madaniy tadbirlar, Afgʻoniston bilan taʼlim va ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga ulkan salohiyat mavjudligiga eʼtibor qaratdilar. Xalqaro yoshlar forumlari, festivallar, tanlovlar, ilmiy anjumanlar, koʻrgazmalar hamda boshqa qoʻshma tadbirlarda Afgʻoniston tomonining ishtirok etishiga koʻmaklashish istagini izhor etdilar.

Taʼsis sammiti yakunlariga koʻra, Qoʻshma bayonot qabul qilinib, unda tashqi ishlar vazirlari darajasida “Hindiston — Markaziy Osiyo” muloqoti joriy etilganligi toʻgʻrisida maʼlum qilindi.

Umuman olganda, vazirlar uchrashuvi yakunlari Muloqot doirasida koʻp qirrali, oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni oʻrnatish hamda rivojlantirishga umumiy qarashlar va yondashuvlar mavjudligidan dalolat beradi.

Tashqi ishlar vazirlari darajasida muntazam ravishda Muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan vazir Sushma Svarajning navbatdagi vazirlar uchrashuvini 2020-yili Hindistonda oʻtkazish taklifi maʼqullandi.

Uchrashuv qatnashchilari nutqlarida asrlar davomida Markaziy Osiyoning Hindiston yarimoroli bilan keng qamrovli siyosiy-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar hamkorligida faol rol oʻynagan qadimiy Samarqandda Muloqotning birinchi uchrashuvi oʻtkazilishida chuqur ramziy maʼno mavjudligi qayd etildi.

Muloqot yakuniga yetgach, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil qilingan brifingda soʻzga chiqdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?