Samarqandda bir oyda 143 nafar noqonuniy yollangan ishchilar aniqlandi

14:43 04 Fevral 2019 Jamiyat
444 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning oʻtgan davrida Samarqand viloyati soliq boshqarmasi tomonidan jami 255 ta xronometraj tadbiri oʻtkazildi. Buning natijasida tadbirkorlik subyektlari tomonidan norasmiy ravishda 143 nafar ishchi yollangani aniqlandi.

Yanvar oyi mobaynida viloyat boʻyicha xufiyona iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan 147 ta nazorat tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda hujjatsiz oziq-ovqat va nooziq-ovqat, alkogol, tamaki mahsulotlari, zargarlik buyumlari, disk bilan savdo qilish, yashirin sex faoliyatini yoʻlga qoʻyish holatlari aniqlandi.

Bugungi kunda davlat roʻyxatidan oʻtib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar 25427 nafarni tashkil etmoqda. Joriy yilning yanvar oyida amalga oshirilgan profilaktik suhbatlar natijasida 758 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat boshladi. Shuningdek, 1283 nafar tadbirkor faoliyatini qayta tiklaganini taʼkidlash mumkin. Yanvar oyida tadbirkorlar tomonidan 159 nafar yordamchi xodim roʻyxatdan oʻtkazildi. Viloyat boʻyicha 414 nafar tadbirkor transportda yuk tashish xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda. Ushbu yoʻnalishda olib borilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida shu yilning oʻtgan davrida 42 nafar tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida faqat choʻntagini oʻylagan “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qoʻyilmoqda. Fuqaro I.H Samarqand shahri, Alisher Navoiy koʻchasi, 54-uyda joylashgan doʻkonda noqonuniy ravishda bolalar oʻyinchoqlari savdosi bilan shugʻullanishni boshlaganu, faoliyatini qonuniylashtirishni “unutib” qoʻygan. Tadbir davomida doʻkonda mavjud boʻlgan jami qiymati 60 million 612 ming soʻmlik bolalar oʻyinchoqlari daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

Samarqand shahri, Sartepa maskanida joylashgan doʻkonda DVD va CD disklar savdosi bilan noqonuniy shugʻullanib, daromad olishni ustun qoʻygan “tadbirkor” J.X faoliyati uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish lozimligi goʻyo yodidan koʻtarilgan.Oʻtkazilgan nazorat tadbirida J.X tomonidan yuritilgan noqonuniy faoliyatning misi chiqdi. Tadbir davomida doʻkondagi mavjud boʻlgan umumiy qiymati 18 million 732 ming soʻmlik 3122 dona DVD va CD disk daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

Tayloq tumanida tugʻilgan fuqaro G.T.“Urgut savdo kompleks”ida 26 million 362 ming 400 soʻmlik, Samarqand shahar, Roʻdakiy koʻchasida yashovchi fuqaro M.A. 21 million 754 ming 100 soʻmlik har xil turdagi zargarlik buyumlari savdosi bilan shugʻullanayotgani aniqlangan.

Samarqand shahar, U.Joʻraqulov koʻchasi, 166-uyda doimiy yashash manzilida fuqaro F.F. davlat roʻyxatidan oʻtmasdan “Akfa” ishlab chiqarish sex faoliyati bilan shugʻullanib kelgan. Savdoda mavjud boʻlgan 5 turdagi 29 million 522 ming soʻmlik asbob-uskunalari daliliy ashyo sifatida savdodan olib qoʻyildi.Xuddi shu manzilda, “Akfa” ishlab chiqarish sex faoliyati bilan shugʻullanib kelgan fuqaro Z.Yu.ning savdoda mavjud boʻlgan 8 turdagi 10 million 991 ming soʻmlik, fuqaro I.X. ning 8 turdagi 14 million 780 ming soʻmlik asbob-uskunalari daliliy ashyo sifatida savdodan olib qoʻyildi.

Samarqand shahar, Oydin koʻchasida “uchar tadbirkor” S.X. hech qanday hujjatlarsiz bilyard oʻyinlari faoliyati bilan shugʻullanib kelgan. U faoliyat yuritayotgan binodan 3 turdagi umumiy qiymati 131 million 500 ming soʻmlik buyumlari daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi. Samarqand shahar, Mulyon-2 mahallasida fuqaro Q.Z. ham bilyard oʻyinlari tashkil qilib, moʻmaygina daromadni koʻzlaganlardan chiqib qoldi. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan uning faoliyatiga chek qoʻyilib, 15 turdagi 109 million 994 ming soʻmlik mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?