Samarqandda bir kunda 5 nafar yangi tugʻilgan chaqaloq halok boʻlgan, viloyat perinatal markazida xizmat surishtiruvi olib borilmoqda

19:32 19 Iyun 2019 Jamiyat
791 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati perinatal markazidagi vaziyat bilan bogʻliq holat yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2019-yil 27-fevral soat 08:00 dan 2019-yil 1-mart kuni soat 08:00 ga qadar boʻlgan vaqt mobaynida mazkur markazda jami 36 nafar ayollar tomonidan 37 nafar chaqaloq tugʻilgan boʻlib, 2019-yil 28-fevral kunidan 1-mart kuniga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida oʻtkazilgan intensiv va reanimatsion chora-tadbirlarga qaramay, ogʻir tugʻruqlar asorati oqibatida turli patologik holatlar (onaning homiladorlik paytida onada uchraydigan kasalliklar) sababli 5 nafar chaqaloqlar oʻlimi kuzatilgan.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, Perinatal tizim – homila va tugʻruq bosqichlari yuqori darajadagi xatarda oʻtayotgan ayollar, ogʻir somatik patologiya, ogʻirlashgan homila va tugʻruqlar, shuningdek, homilaning
34 haftasidan boshlab muddatidan oldin tuqqan ayollar, yangi tugʻilgan chaqaloqlar, jumladan, intensiv terapiya va ikkilamchi tibbiy yordam muassasalarida koʻzda tutilmagan maxsus yordamga muhtoj boʻlgan chaqaloqlarni tibbiy parvarish bilan taʼminlaydi. Xuddi shunday Samarqand viloyat perinatal markazi ham viloyat boʻyicha, asosan, asoratli tugʻruq jarayonlari kechadigan muassasa hisoblanadi. Bu yerda viloyatdagi umumiy tugʻruqlarning qariyb 15 foizi qamrab olingan boʻlib, keluvchilarning 84,7 foizi turli darajadagi asoratlar bilan murojaat qilishadi.

Bundan tashqari, viloyat perinatal markazi bazasida Samarqand davlat tibbiyot instituti akusherlik-ginekologiya va neonatologiya kafedrasi faoliyat olib bormoqda. Har bir ogʻir homilador, tugʻuvchi ayollar va ogʻir ahvolda tugʻilgan chaqaloqlar holati yuzasidan kafedraning professor 
va ilmiy xodimlari ishtirokida konsiliumlar ham tashkil etiladi.

Koʻrilgan chora-tadbirlarning natijasi oʻlaroq, Markazda joriy yilning 5 oyi davomida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan chaqaloqlar oʻlimi koʻrsatkichi 30 foizdan ziyodga kamaygan.

Ayni paytda yuqoridagi materialda aks etgan G.K. farzandining oʻlimi va chaqaloqning jinsi almashganligi holati yuzasidan prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar olib borgan surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarining natijasidan kelib chiqqan holda aybdor shaxslarning javobgarligi masalasi qonuniy jihatdan hal etiladi. Zero, gap inson salomatligi va hayoti haqida borar ekan, Sogʻliqni saqlash vazirligi bunda har bir masalaga chuqur yondashadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?