Samarqandda 85 foizdan ortiq mahallada saylovlar boʻlib oʻtdi

10:02 17 May 2019 Jamiyat
250 0

Foto: "Xalq so'zi"

Respublikamizning barcha hududlari singari Samarqand viloyatida ham Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2019 yil 15 fevraldagi qarori asosida fuqarolar yigʻinlari raislari saylovlari boʻlib oʻtmoqda.

- Bugungi kunga qadar viloyatimizdagi mavjud 1094 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarining 935 tasida, yaʼni 85 foizdan ortiq fuqarolar yigʻinlarida saylovlar oʻtkazilib, 935 ta mahalla raislari saylandi, - deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Samarqand viloyat kengashi raisining birinchi oʻrinbosari, “Mahalla” fondi viloyat boʻlimi boshqaruvi raisi Badriddin Nasriyev. Ushbu saylovlarda ovoz berish huquqiga ega 1 mln 980 mingga yaqin fuqarolar ichidan 240 ming nafardan ortiq vakillar saylab olingan, 935 ta MFYda 193 mingga yaqin vakillar, yaʼni saylangan vakillarning qariyb 79 foizi ishtirok etgan. Viloyatning Kattaqoʻrgʻon shahri, Jomboy, Narpay, Nurobod, Oqdaryo va Toyloq tumanlarida saylovlar yakuniga yetkazildi. Bulungʻur, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon va Qoʻshrabot tumanlarida saylov jarayonlari yakunlanish arafasida.

Saylov natijalariga koʻra, har bir fuqarolar yigʻinlariga viloyat boʻyicha 3 nafarga yaqin nomzodlar toʻgʻri kelmoqda. Saylangan raislarning 490 nafari birinchi marta ushbu lavozimlarga saylandi. Saylangan raislarning 67 nafarini ayollar va 9 nafarini xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari deputatlari tashkil etgan. Ularning 556 nafari (59%) oliy, 377 nafari (40%) oʻrta maxsus maʼlumotli raislar tashkil etmoqda.

Saylov uchastkalarining 663 tasi maktablarda, 97 tasi litsey va kollejlarda, 20 tasi musiqa va sanʼat maktablarida, 79 tasi mahalla binosida, 39 tasi toʻyxonalarda, 13 tasi madaniyat markazlarida va boshqa tashkilot va idoralar binolarida oʻtkazilgan.

- Saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tashkiliy ishlarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda, - deydi Bulungʻur tuman kengashi raisi Abdunabi Mallayev. Saylovda ishtirok etayotgan vakillarni zeriktirib qoʻymaslik maqsadida esa turli madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.

- Mahallamizdagi fidokor ayol Gulsum Asqarovoga ovoz berdim. Bu yilgi saylovlarning yopiq tarzda oʻtkazilayotganligi adolat mezonlariga toʻla mos keladi deb oʻylayman deydi, - Bulungʻurning “Beshqoʻton” MFY fuqarosi, pensioner Xoldor opa Hasanova. Hech qanday tanish-bilishlik va noqonuniy xatti-harakatlarni kuzatmadim. Toʻgʻrisi, juda xursandman.

Xullas, bugun viloyatdagi saylov oʻtkazilayotgan hududlarda obodonlashtirish ishlari, oziq-ovqat hamda yaxna ichimliklar savdosi,tez tibbiy yordam xizmati, jamoat tartibini saqlash maqsadida ichki ishlar boʻlimlaridan masʼullar, Yongʻin xavfsizligi xizmatlari xodimlarining navbatchiligi tashkil etilgan.

Shuningdek, viloyatda 20 mayga qadar yakuniga yetkazish rejalashtirilgan saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda sektor rahbarlarining masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ular tomonidan oʻzlariga biriktirilgan mahallalarda oʻtkazilayotgan saylovlar toʻliq nazoratga olinmoqda.

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?