Samarqandda 73 ta loyiha uchun 355 million dollar chet el investitsiyasi kiritiladi

10:55 07 Fevral 2019 Iqtisodiyot
453 0

Samarqand viloyatida 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 18,7 trillion soʻm boʻlgan 968 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan, deya xabar bermoqda OʻzA.

Ushbu loyihalarning 90 tasi boʻyicha 1 milliard 475 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasi kiritiladi. Jumladan, 2019 yilda 73 ta loyiha uchun 355 million dollarlik xorijiy investitsiya yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Jomboyda oʻtkazilgan 2019 yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimotida mazkur tuman hamda Toyloq, Bulungʻur, Payariq va oqdaryolik tadbirkorlarning 25 ta loyihasi koʻrib chiqildi.

Tadbirda hokimlar, investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlar, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar, tijorat banklari rahbarlari hamda loyiha tashabbuskorlari har bir loyihaning istiqboli, yaratiladigan ish oʻrinlari, kiritiladigan sarmoya, raqobatbardoshlik, ishlab chiqarish quvvati, mahsulot eksporti kabi jihatlarini muhokama qildi.

– Toyloq tumani markazida yaponiyalik hamkorlarimiz bilan besh qavatli zamonaviy gipermarket qurish loyihasini amalga oshiryapmiz, – deydi Toyloq tumanidagi “JAPAN TRADING GROUP Co” xususiy korxonasi rahbari Botir Qoraxoʻjayev. – Umumiy qiymati 8,3 milliard soʻm boʻlgan loyiha Yaponiyaning mashhur “Donkey Hotte” brendining 1 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasi orqali moliyalashtiriladi va joriy yil soʻnggigacha ishga tushirilib, 35 ta ish oʻrni yaratiladi. Tibbiyot qoʻlqoplari va shprislar ishlab chiqarishga qaratilgan ikkinchi loyihamiz ham yaponiyalik hamkorlarimizning 2,5 million dollarlik sarmoyasi asosida amalga oshirilmoqda. Mahalliy aholining 120 nafari ish bilan taʼminlanadigan ushbu korxonada yiliga 23 million dona tibbiyot qoʻlqopi va 17 million dona shpris ishlab chiqarilib uning 35 foizi eksport qilinadi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, ijtimoiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratib, xorijiy investorlarga koʻmaklashish, loyihalarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriq va vazifalarni belgilab berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?