Samarqandda 33 mingdan ziyod pedagog koronavirusni aniqlash boʻyicha test topshirdi

15:03 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
185 0

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari, tibbiyot birlashmalarining xulosalari, oʻqituvchilardan olingan test natijalari hamda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tegishli qarorlariga koʻra, Samarqand viloyatining 9 ta hududidagi 38 ta umumtaʼlim muassasalarida joriy yilning 14-sentyabridan bosqichma-bosqich anʼanaviy tarzda darslar boshlandi.

Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, viloyatdagi 1255 ta maktabda dars jarayonlarini tashkil etish hamda kirish-chiqish sxemalari ishlab chiqildi. 13-sentyabrga qadar 548 ta maktabning pandemiya davrida faoliyat olib borishi mumkinligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining xulosalari berildi. 33 476 nafar (61,3 %) pedagoglar COVID-19 virusini aniqlash boʻyicha test topshirishdi. Viloyatdagi barcha maktablarga jami 2 355 ta pirometr, 1 litr hajmdagi 1908 dona antiseptik vositalar hamda 111 228 ta tibbiy niqoblar yetkazildi. Taʼlim muassasalariga sogʻliqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari hamda ichki ishlar xodimlari biriktirildi.

Maktablarda dars jarayonlari Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yangi oʻquv yilining 1-choragi uchun belgilab berilgan namunaviy dars jadvali asosida tashkil etilmoqda.

Dars jadvalini shakllantirishda bir vaqtning oʻzida oʻquvchilarning koʻp toʻplanmasligining oldini olish uchun dars mashgʻulotlari boshlangʻich sinflar uchun dars 8:00 da, 5-8-sinflar uchun 8:30 da, 9-11-sinflar uchun 9:00 da boshlanadi. Darslar orasida 5 daqiqalik, boshlangʻich sinflarda 2 soatdan keyin, 5-11 sinflarda 3 soatdan keyin 10 daqiqalik katta tanaffus beriladi.

Viloyatning qolgan tumanlaridagi maktablarda ham bosqichma-bosqich anʼanaviy tarzda darslar boshlanishi koʻzda tutilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?