Samarqandda 25 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalari musodara qilindi

19:40 14 Mart 2019 Jamiyat
718 0

Illyustrativ foto

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik moddalari bilan savdo qilish tarmogʻi fosh etildi. Ushbu jinoyat toʻri Samarqand viloyatining Tojikiston bilan chegara yaqinidagi tumanlarida aniqlangan. Bu haqda DXX Chegara qoʻshinlari matbuot xizmati xabar berdi.

Urgut tumani “Jartepa” xalqaro oʻtkazish punkti yaqinidagi Mugol qishlogʻida oʻtkazilgan operativ tadbir chogʻida 1,5 kilogramm opiyni sotayotgan paytida Tojikistonning Soʻgʻd viloyati Panjikent tumani Bostondex qishlogʻida yashovchi Umid Hasanov va xaridor — urgutlik Qobil Axatov ushlangan.

Tergovoldi tadbirlari davomida Umid Hasanovning hamtovogʻi boʻlgan Tayloq tumanilik Sayfullo Shodiyevning uyida tintuv oʻtkazilgan. U yerdan 12,4 kilogramm opiy topilib, musodara qilingan.

Qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Sayfullo Shodiyevning tanishi Shuhrat Mustafoqulov ham qoʻlga olingan. Uning otasining uyiga 8,3 kilogramm opiy va 2,3 kilogramm geroin yashirilgan ekan. Tezkor xodimlar narkodiler mijozlaridan biri Akmal Islomovning uyidan ham 1,2 kilogramm opiy va 70 gramm geroin topishdi. U mazkur giyohvandlik moddalarini oldinroq Shuhrat Mustafoqulov va Sayfullo Shodiyevdan sotib olgan.

Olib borilgan tadbir davomida jami 23,4 kilogrammdan ortiq opiy va 2,4 kilogrammdan ziyod geroin musodara etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?