Samarqandda 18-oktyabr — shahar kuni keng nishonlanmoqda.

11:45 18 Oktyabr 2020 Jamiyat
128 0

Bundan 24 yil oldin 1996-yil 18-oktyabr kuni Amir Temur bobomizning 660-yillik yubileyida Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va 18-oktyabr Samarqand shahar kuni deb belgilangan edi. Shundan buyon mana qariyb chorak asrdirki ushbu kun viloyatda keng nishonlanib kelinmoqda.

Bu yil shaharda mazkur bayramga har qachongidan-da oʻzgacha tayyorgarlik koʻrildi. Toʻyga toʻyona bilan deganlaridek, bayram munosabati bilan koʻplab yangi obyektlar foydalanishga topshirildi.

Jumladan, bayram arafasida Samarqand shahridagi 100-yillik tarixga ega viloyat axborot-kutubxona markazining rekonstruksiya qilingan zamonaviy binosi ochildi.

Tarixi 1911-yilga borib taqaladigan ushbu ziyo maskani dastlab 2 ming nusxaga yaqin adabiyot bilan faoliyat boshlagan. Kutubxona faoliyatining dastlabki davrida uning xizmatidan 200–300 kishi foydalangan boʻlsa, hozir oʻn minglab kitobxonga xizmat koʻrsatilmoqda.

1937-yilda kutubxonaga Pushkin nomi va davlat kutubxonasi maqomi berilgan. Yildan yilga kitob fondi koʻpayib bordi.

Soʻnggi yillarda oʻlkashunoslik boʻlimi, kataloglar va kartotekalar boʻlimi, huquqiy axborot markazi, Gyote instituti koʻmagida nemis tilidagi adabiyotlar oʻquv zali, bolalar adabiyotlari boʻlimi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida va 2019-yil 19-mart kuni Prezidentimiz tomonidan oʻtkazilgan selektor yigʻilishida 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bu besh tashabbusning toʻrtinchisi boʻlgan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shundan kelib chiqib, Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi rekonstruksiya qilindi. Bino zamon talablariga muvofiq taʼmirlanib, tashqi koʻrinishi Samarqandning tarixiy binolariga moslashtirildi.

Rekonstruksiya ishlariga mahalliy byudjetdan 6 milliard 600 million soʻm mablagʻ sarflandi.

Bundan tashqari Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti yangi binosining tantanali ochilish marosimi ham oʻtkazildi.

Mazkur universitet davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-iyundagi qarori bilan tashkil etilgan va Markaziy Osiyoda turizm sohasidagi birinchi universitet hisoblanadi.

Bugungi kunda universitet Oʻzbekiston Respublikasidagi nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, turizm sohasida bakalavriat va magistraturaning deyarli barcha yoʻnalishida mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan ilk universitetdir. “Turizm menejmenti” fakultetida birinchi va ikkinchi bosqichlarda 530 nafar talaba toʻqqiz yoʻnalish boʻyicha tahsil olishmoqda. Yangi 2020-2021-oʻquv yilida 384 nafar talaba birinchi kursga qabul qilindi va ular yangi zamonaviy binoda oʻqishni boshlaydilar.

“Aqlli kampus” maqomiga ega bino dunyoning eng nufuzli universitetlari standartlari asosida jihozlangan. Albatta, universitetda yaratilgan sharoitlar, berilgan imkoniyatlar talabalarni oʻqishga, oʻz ustida ishlashga, bilimlarini oshirishga, oʻzlarini takomillashtirishga, salohiyatlarini yuzaga chiqarishga undaydi. Oʻz navbatida, yuqori malakali mutaxassislar xalqaro universitet mavqeini koʻtarish va ushbu darajaga munosib boʻlish uchun harakat qilishadi.

Samarqandda sayyohlarga yana-da qulay sharoitlar yaratish, xizmat koʻrsatish sifatini zamon talablari darajasiga olib chiqish maqsadida 18-oktyabr - Samarqand shahri kuni arafasida viloyatdagi bir qator yangi turizm yoʻnalishlarining ham ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi. “Konigil” turizm qishlogʻi, Orzu Mahmudov gastronomik koʻchasi, “Royal Hotel” mehmonxonalari shular jumlasidandir.

Ushbu tadbirlarning barchasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.Abduhakimov va Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

Samarqand tumanidagi “Konigil” turizm qishlogʻining rasmiy ochilish marosimida soʻzga chiqqan viloyat hokimi E. Turdimov bu yerdagi dastlabki bosqichda qilingan ishlar haqida toʻxtalar ekan, kelgusida qishloq hududini kengaytirish jarayoni davom etishi, natijada ushbu turizm qishlogʻida 1000 ta ish oʻrni yaratilishini taʼkidladi.

Shundan soʻng, A. Abduhakimov “Konigil” mahallasi raisi Karomat Rahmatovaga mahallaga “Turizm qishlogʻi” maqomini beruvchi sertifikatni topshirdi.

Orzu Mahmudov koʻchasi Samarqand shahrida mamlakatimizdagi birinchi gastronomik «Brodvey» sifatida tashkil etildi. Bu yerda qahvaxonalar, pisseriyalar, shuningdek, turli xil restoranlar, jumladan, “Brighton”, “Qanotcha”, “Lagman House”, “Evos”, “Bar garaje”, “Chopar” pisseriyasi va boshqalar oʻz faoliyatini boshladi.

Kelgusida Orzu Mahmudov koʻchasida turli festivallar oʻtkazish, koʻcha musiqachilari va rassomlarini jalb qilish ham rejalashtirilgan.

Yangi ish boshlagan “Royal hotel” mehmonxonasi esa 60 oʻringa moʻljallangan. Mehmonxonada restoran, sport zali, suzish havzasi va boshqa xizmat koʻrsatish turlari mavjud. Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu mehmonxona viloyatdagi halol standartlariga javob beradigan yagona mehmonxona hisoblanadi.

Aholining davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida 18-oktyabrdan boshlab Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi xodimlari yangi va zamonaviy binoda aholiga xizmat koʻrsata boshladi. Koʻp qavatli aholi turar-joy binosining birinchi va ikkinchi qavatidan oʻrin olgan markaz binosi davlat-xususiy sherikchilik asosida bunyod etildi.

Zamonaviy dizayn asosida jihozlangan markazda murojaatchilarning farzandlari uchun ham qulay shart - sharoitlar yaratilgan boʻlib, bolalar oʻyin maydonchasi, tibbiyot xonasi mavjud. Shuningdek, binoda tadbirkorlar uchun bosh vazir qabulxonasi, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish boʻlimi, kutubxona, notarial xizmat xonalari tashkil etilgan.

Shuningdek, bayram kunida Mirzo Ulugʻbek koʻchasidagi «Makon Mall» yangi savdo majmuasi, Afrosiyob koʻchasi hamda Samarqand shahrini Jomboy va Oqdaryo tumanlari bilan bogʻlaydigan zamonaviy koʻprik ochilib, aholiga xizmat koʻrsata boshladi.

18-oktyabr - Samarqand shahri kunida qadim kentda karantin qoidalariga amal qilingan holda yana bir qator tadbirlar ham amalga oshirildi. Xususan, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bogʻida va shu nomdagi koʻchada “Tabiat saxovati” nomli yarmarka oʻz ishini boshladi. Oʻn kun davom etadigan ushbu yarmarkada viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari va chuqur qayta ishlangan tayyor va arzonlashtirilgan oziq-ovqat (sut, goʻsht, baliq va un mahsulotlari) va kundalik ehtiyoj mollari arzon narxlarda sotilmoqda. Shuningdek, hududda “MADE IN UZBEKISTAN” trikotaj, kiyim-kechak va poyabzal yarmarkasi ham aholi uchun xizmat koʻrsatyapti.

Bundan tashqari viloyat musiqali drama teatri, Qorasuv massivi, Farhod va Kimyogarlar shaharchalarida, Alisher Navoiy hamda “Yoshlik” nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻlarida konsertlar, Registon maydonida 3D-mepping shousi namoyishi boʻlib oʻtmoqda.

Qisqasi, Samarqand shahrining har bir goʻshasida bayram shukuhi hukmron.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?