Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Joʻrayev va boshqa mulozimlarga sud hukmi oʻqildi

09:28 04 Avgust 2019 Jamiyat
436 0

Arxiv foto

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2-avgust kuni boʻlib oʻtgan yopiq sud majlisida Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Joʻrayev va uning sheriklariga nisbatan sud hukmi oʻqilgan. Bu haqda Kun.uz manbasi maʼlum qilmoqda.

Manba maʼlumotiga koʻra, T.Joʻrayev Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167- (“oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish”), 206- (“hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish”), 210- (“pora olish”) va 243- (“jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish”) moddalari bilan aybdor deb topilgan hamda 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

T.Joʻrayevning oʻrinbosari Oʻtkir Abdullayev JKning 210-moddasi bilan aybdor deb topilib 10 yilga, viloyat hokimligi bosh mutaxassisi Bahodir Xoʻjaqulov JKning 206-, 210-, 243-moddalari bilan ayblanib 7 yilga, mutaxassis Botir Abdullayev JKning 210- va 243-moddalar bilan 7 yilga qamalgan boʻlsa, Toʻlqin Sulaymonovga 210- va 243-moddalar bilan bilan 5 yilga ozodlikdan cheklash jazosi hamda eng kam ish haqining 300 barobari miqdoridagi jarima tayinlangan.

Kun.uz maʼlumotiga koʻra sudning yakuniy hukmi eʼlon qilingunga qadar ozodlikda yurgan Oʻ.Abdullayev bugun sud zalidan qamoqqa olingan.

Maʼlumotlarga koʻra, tergov materiallarida “Jinoiy guruh rahbari” deya koʻrsatilgan Turobjon Joʻrayev Samarqand shahrida koʻp qavatli turar joylar qurish uchun pudratchilardan jami 2 mln 140 ming AQSH dollari miqdorida pora olgan.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yilning 13-iyulida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Feysbuk”dagi sahifasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar yirik korrupsion sxemaga chek qoʻygani haqidagi lavha eʼlon qilingan edi.

2018-yil 24-dekabrda Samarqand viloyati sobiq hokimi Turobjon Joʻrayevga nisbatan tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgani xabar qilingan edi.

Oʻz vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri lavozimida ishlagan Turobjon Joʻrayev Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga ham rahbarlik qilgan. 2008-yildan 2011-yilgacha u Surxondaryo viloyati hokimi boʻlgan. 2011-yilda uni qoʻshni Qashqadaryo viloyatiga oʻtkazishgan.

2013-yilning sentyabrida Oʻzbekistonning birinchi prezidenti I.Karimov T.Joʻrayevning faoliyatini keskin tanqid ostiga olib, uni Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan boʻshatgan edi.

Shundan soʻng T.Joʻrayev uzoq vaqt rahbarlik lavozimida ishlamagan. Oʻshandayoq u korrupsiya va poraxoʻrlikda ayblangan edi. Biroq, 2017-yilning aprelida T.Joʻrayev Toshkent viloyatining Bekobod tuman hokimi lavozimiga tayinlandi.

Oradan bir oycha vaqt oʻtgach, 2017-yilning iyunida unga Oʻzbekistonning tashrif qogʻozi boʻlmish Samarqand viloyati rahbarligi ishonib topshirildi. Turobjon Joʻrayev viloyatda tanish-bilishchilik oʻrnatib, pul taʼma qilishni boshlab yuborgan. Tergov davomida Turobjon Joʻrayevning oʻzi hech narsani rad etmagan. Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari Oʻtkir Abdullayev va hokimlikning yana ikki xodimi qurilishga oid turli firibgarliklarda ishtirok etishgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?