Samarqand viloyatiga qiymati 52,3 million AQSH dollarilik dori vositalari xorijdan import qilindi

13:51 14 Avgust 2020 Jamiyat
216 0

Hozirgi kunda koronavirus kasalligining tarqalib ketishini oldini olish, aholi sogʻligini saqlash bilan birga iqtisodiyotimizni barqaror ishlashini taʼminlash ham eng asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 246-moddasiga koʻra, dori vositalari, tibbiyot uchun moʻljallangan buyumlar, shuningdek, dori vositalarini, tibbiyot buyumlarni ishlab chiqarish uchun qonun hujjatlarida belgilanadigan roʻyxat boʻyicha xom ashyolarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qoʻshimcha qiymat soligʻidan ozod etilishi belgilab qoʻyilgan.

Bunda, ushbu imtiyoz Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida ham ishlab chiqariladigan tayyor dori vositalari va tibbiyot buyumlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi davrida dunyo boʻylab sunʼiy nafas oldirish uskunalariga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, ahvoli ogʻirlashgan bemorlar uchun kislorod konsentratorlari juda muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli, bu turdagi tovarlarni tadbirkorlar tomonidan respublikamizga hech qanday toʻsiqlarsiz olib kirilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5978-son Farmoni bilan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq, ozon, kislorod va aerozol terapiyasi uchun sunʼiy nafas olish yoki boshqa terapevtik nafas oldirish apparatlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda 2020-yil 31-dekabrga qadar bojxona boji va aksiz soligʻidan ozod qilingan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 449-sonli qaroriga asosan, 84 turdagi tibbiy buyumlar va texnikalar, shu jumladan, oʻpkani sunʼiy nafas oldirish apparati, kislorod konsentratorlar, puls oksimetrlari import qilinganda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi va realizatsiya qilinadi.

Mazkur imtiyozlardan samarali foydalangan holda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan viloyatimizga soʻnggi 10 kun davomida 168 dona kislorod konsentratorlari, 25000 dona puls oksimetrlar xorijdan keltirilib, mazkur tibbiy jihozlar keltirilgan kunning oʻzidayoq soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mazkur qaror bilan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilishi, yaʼni eksport qilish 2020-yil 1-oktyabrga qadar vaqtinchalik toʻxtatilgan.

Bunda, ayrim dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni eksport qilishga ruxsat Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligining qoʻshma xulosasi asosida ruxsat beriladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2863-sonli qaroriga muvofiq, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari (stomatologiya va kosmetologiya asbob-uskunalaridan tashqari) 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilgan.

Samarqand viloyatiga joriy yilning oʻtgan 7 oyi davomida aholining birlamchi va zaruriy dori vositalari hamda tibbiy buyumlar talabiga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan qiymati 52,3 million AQSH dollarlik, ogʻirligi 2 400 tonna dori vositalari xorijdan import qilingan.

Viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarga amaldagi qonunchilik meʼyorlariga muvofiq, 72,2 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar qoʻllanilgan hamda mazkur tovarlar bojxona organlari faoliyatiga joriy qilingan “Xavfni boshqarish tizimi” orqali asosan “yashil” yoʻlaklarda rasmiylashtirilgan boʻlib, bojxona rasmiylashtiruviga oʻrtacha 1-1,5 soatgacha vaqt sarflangan.

Pandemiya sharoitiga qaramasdan bojxona xodimlari tomonidan nafaqat dori-darmon va tibbiy buyumlar rasmiylashtiruvi, balki aholi ehtiyoji uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat va xalq xoʻjaligi mahsulotlari importi, shuningdek, yurtimizda tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar eksporti bojxona rasmiylashtiruvi kechayu kunduz, tezkor ravishda hamda soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilib kelinmoqda.

Jasurbek FAYZULLAYEV,
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi

boshligʻi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?