Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov: “Ezgu fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida mujassam”

14:55 24 Aprel 2020 Jamiyat
572 0

Muhtaram Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olib, hozirgi pandemiya sharoitida aholimizning yordam va koʻmakka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish gʻoyasini ilgari surdi.

Bu tashabbus barcha yurtdoshlarimiz kabi samarqandliklar qalbini ham joʻshtirib, gʻayratiga gʻayrat qoʻshmoqda. Shu bois ham bu qutlugʻ harakat har birimizning kundalik hayotimiz magʻziga, insoniy burchimizning ham qarzi, ham farziga, davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylandi. Aslida bunday ezgu intilish va fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida mujassam.

Davlatimiz rahbari shu yil 20-aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida xalqaro va milliy talablarga toʻliq amal qilgan holda, mamlakatimizda karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatish, shu asosda tezroq normal hayotga qaytish boʻyicha dastlabki chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. 22-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektorda esa aholi bandligini taʼminlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish vazifalari, shu jumladan, karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasi Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi. Har bir yoʻnalish va kesimda bajarilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq topshiriq va vazifalar belgilab berildi. Ularni muqaddas oy davomida oʻz vaqtida bajarish boʻyicha amaliy ishlarni boshlab yubordik.

Haqiqatan, kun sayin oʻzgarayotgan vaziyat aholi bandligini taʼminlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishni talab qilmoqda. Bugungi kunda viloyatimizda 3,8 million kishi 904 ming oilada istiqomat qilib kelmoqda. Pandemiya boshlangunga qadar mehnat bozorida ishsizlik darajasi 9,3 foizni tashkil qilgan boʻlsa, xorijiy davlatlardan mehnat muhojirlarining qaytib kelishi va vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolar hisobiga bu miqdor 11,1 foizga yetishi kutilmoqda.

Maʼlumki, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida kambagʻallikni qisqartirish masalasi koʻtarilib, uni kamaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar koʻrib kelinyapti. Tahlillar viloyatimizda daromad notekis taqsimlanganligini koʻrsatmoqda. Shu bois kambagʻallikning yuqori darajasi va oʻrta hol aholining umumiy aholi sonidagi ulushining eng past koʻrsatkichi ham baʼzi tumanlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Ana shunday oilalarni aniqlash boʻyicha oʻrganishlar natijasida bugungi kunda 47,7 mingta (222,4 ming nafar fuqaro) muhtoj oilalar mavjudligi aniqlandi (shundan 18 mingga yaqin fuqarolar chet eldan viloyatimizga qaytib kelgan mehnat muhojirlari hisoblanadi).

Albatta, Prezidentimiz qayd etganidek, kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish kerak. Xuddi shu nuqtayi nazardan oʻtkazilgan tahlillar natijasida muhtojlik darajasidagi aholining 19 609 nafari mutaxassislikka ega boʻlib, hozirgi kunda ishsizligi, 35 776 nafari shaxsiy tomorqasida band qilish imkoniyati mavjudligi, 39 615 nafari mutaxassisligi boʻlmagan ishsizlar borligi maʼlum boʻldi. Bu esa oʻz navbatida ular bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning amaliy va manzilli boʻlishini taʼminlaydi.

Prezidentimiz keyingi 3 yil mobaynida tadbirkorlarni bevosita qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining shu yil 3-aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va undan keyin qabul qilgan qarorlarida ularga berilgan turli xil imtiyoz va preferensiyalar, soliq taʼtillari, imtiyozli bank kreditlari va qoʻshimcha yengilliklar tufayli viloyatimizning aksariyat ishlab chiqaruvchilari iqtisodiy barqarorlikni hamda ish oʻrinlarini saqlab qolishiga erishdi.

Joriy yilning mart — aprel oylarida: — 3906 ta tadbirkorning 798 milliard soʻmlik kredit qarzdorliklari muddatlari 6 oyga uzaytirildi;

- Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan 734 ta tadbirkorlik subyektlariga 217,8 milliard soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi. 

- turizm sohasidagi 455 ta subyektlarga yer, mulk soliqlari hamda ijtimoiy soliqning 12 foizdan 1 foizga pasayishi hisobiga jami

2,4 milliard soʻm soliqlardan imtiyozlar qoʻllanildi.

- 1276 ta tovarlarni realizatsiya qilish aylanmasi oyiga

1 milliard soʻmdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qoʻllaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarga 27,8 milliard soʻm soliqlarni choraklik toʻlash huquqi berildi.

- 9 641 ta qishloq xoʻjaligi korxonalari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 69,7 milliard soʻmga (50 foizga) pasaytirildi va hokazo...

Viloyatda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida amaliy ishlar ham boshlab yuborildi. Tadbirkor va fermerlar munosib hisasini qoʻshadi.

Erkinjon TURDIMOV
Samarqand viloyati hokimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?