Samarqand viloyat xalq taʼlimi tizimida 6 milliard soʻmdan ziyod mablagʻlar talon-toroj qilingani aniqlandi

11:31 21 Aprel 2020 Jamiyat
980 0

Foto: Daryo

Samarqand viloyat prokuraturasi axborot xizmatining bergan maʼlumotiga koʻra, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tizimida byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligi oʻrganilganda 6 milliard 174,2 million soʻmlik ish haqi mablagʻlari oʻzlashtirilgani aniqlandi. Shuningdek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi natijasida 4 milliard 259,6 million soʻmlik mablagʻlar notoʻgʻri sarflanganligi, tovar moddiy boyliklari balansga kirim qilinmagan va mahsulotlar qimmat narxlarda sotib olinganligi natijasida 906,7 million soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holatlar yuzasidan prokuratura va Departament organlariga kelib tushgan 8 ta toʻplangan hujjat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga koʻra 3 ta hududda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan holatlar shaxslar doirasiga boʻlinganda jinoyat tarkibini bermaganligi yoki kam ahamiyatli boʻlganligi bois, aniqlangan zararlar toʻliq undirilgani holda Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 83, 84-moddalari tartibida jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish va maʼmuriy javobgarlikka oid ish qoʻzgʻatish haqidagi qarorlar qabul qilinib, toʻplangan hujjatlar tegishli tartibda koʻrib chiqishlik uchun maʼmuriy sudlarga yuborilgan boʻlsa, 5 ta tekshirish hujjatlari boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Xususan, Payariq tuman xalq taʼlimi boʻlimi mansabdor shaxslari va boshqalar tomonidan 2017-2019-yillar davomida ishlamagan xodimlarga 681,8 million soʻm, tugʻuruqqacha va tugʻruqdan keyingi taʼtil, mehnat taʼtili, ish haqi va moddiy ragʻbatlantirish pullari ortiqcha hisoblanishi natijasida 806 million soʻm jami 1487,8 million soʻm miqdoridagi byudjet mablagʻlari ularni olish shartlariga muvofiq boʻlmagan maqsadlarga yoʻnaltirilib, byudjet intizomini buzish orqali ortiqcha hisoblangan mablagʻlar oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilishganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 1841-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda Payariq tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hisob palatasi mutaxassislari tomonidan aniqlangan 6 milliard 174,2 million soʻm zararning 3 milliard 386,3 million soʻmi tekshirish davomida tasdigʻini topgan holda 2 milliard 706,5 million soʻmi, yaʼni 80 foizining undirilishi taʼminlangan.

Undirilmagan 679,8 million soʻm yetkazilgan zarar boʻyicha hozirgi kunda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan dastlabki terov harakatlarining borishi va zararlarning undirilishi yuzasidan alohida nazorat oʻrnatilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?