Samarqand tumanida yil yakuniga qadar qariyb 500 milliard soʻmlik investitsiya oʻzlashtirilib, 600 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi

09:24 06 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
180 0

Tumanda joriy yilda qiymati 494,4 milliard soʻmlik 65 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 600 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.

Tahlillarga koʻra, oʻtgan davr mobaynida qiymati 320,4 milliard soʻmlik 49 ta loyiha foydalanishga qabul qilingan. Sohalar kesimida olib qaraganda, eng koʻp qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida 146,1 milliard soʻmlik 39 ta loyiha amalga oshirilgan.

Xususan, Janubiy Koreya Respublikasi fuqarosi Pak Jin So tomonidan 3,5 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilgan. Loyiha doirasida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Multi Fruit Korea” xorijiy korxonasi tomonidan 540,5 gektar sugʻorilmaydigan — lalmi yer maydonida zamonaviy intensiv bogʻ tashkil qilinib, 75 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Gilos, anor va yongʻoq mevalari parvarishlanayotgan bogʻda yetishtirilgan hosilning 80 foizi Janubiy Koreya Respublikasi hamda Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi.

Ushbu yoʻnalishdagi yana bir yirik loyiha masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “AGROMIR” qoʻshma korxonasi tomonidan amalga oshirilgan. Loyiha doirasida qiymati 139,2 milliard soʻmlik meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash klasteri tashkil etilib, 25 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Eʼtiborlisi, klasterda qayta ishlangan mahsulotlarning 75 foizi xorij bozorlariga chiqarilmoqda.

Tumanda, shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishida 148,1 milliard soʻmlik 5 ta hamda xizmat koʻrsatish sohasida 26,3 milliard soʻmlik 5 ta loyiha doirasidagi ishlar yakuniga yetkazilgan. Amalga oshirilgan loyihalar doirasida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgani alohida eʼtiborga molik.

Xususan, “MUSLIM TRADING COMPANY” masʼuliyati cheklangan jamiyatida poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, “MOTRID SIFAT POLIMER” masʼuliyati cheklangan jamiyatida esa plyonka ishlab chiqarish, “SEMURGʼ SAM” masʼuliyati cheklangan jamiyatida karton qogʻoz ishlab chiqarish liniyalari foydalanishga qabul qilindi.

Joriy yil yakunigacha tumanda 14 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu boradagi koʻrsatkich 8 milliard 770 ming AQSH dollarini tashkil qilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?