Samarqand shahridagi bogʻchalarda bolalar zaharlangani yuzasidan maʼlumot berildi

11:00 16 Oktyabr 2019 Jamiyat
79 0

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi ishchi guruhi Samarqand shahridagi 80, 98 va 106-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlari (MTT) tarbiyalanuvchilari zaharlanishi holatlarini oʻrganib chiqdi. Joriy yilning 10-11-oktyabr kunlari jami 31 nafar tarbiyalanuvchi kasalxonaga yotkazildi. Ayni paytda bolalar ahvoli qoniqarli boʻlib, ularning 25 nafari kasalxonadan chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Zaharlanish sabablari Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan bolalar analizlariga, shuningdek ishchi guruh tomonidan oziq-ovqat masulotlari, oshxona jihozlari, xodimlar qoʻli va kiyimlaridan olingan surtmalar asosida aniqlanadi.

MTV 80, 98 va 106-sonli MTTdagi shart-sharoitlarni oʻrganib chiqdi.Ushbu MTTlarda ovqatlanish autsors usuli bilan tashqil etilgan. Bolalar salomatligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan qoʻpol qoidabuzarliklar aniqlanmadi.

“106-sonli MTT

Bolalar soni: 9-oktyabr kuni – 285, 10-oktyabr kuni – 257 nafar tarbiyalanuvchi

Zaharlangan bolalar soni: 7

MTTda markazlashtirilgan suv taʼminoti va kanalizatsiya hamda qozonxona ishlaydi. Barcha xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalariga muvofiq muzlatgichda saqlanadi, sutkalik namunalar olinadi.

98-sonli MTT

Bolalar soni: 9-oktyabr kuni – 484, 10-oktyabr kuni – 458 nafar tarbiyalanuvchi

Zaharlangan bolalar soni: 20

MTTda markazlashtirilgan suv taʼminoti va kanalizatsiya hamda qozonxona ishlaydi. Xodimlar rejali tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayonida” deyiladi vazirlik xabarida.

Oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalariga muvofiq ombordagi ikkita muzlatgichda saqlanadi. Oshxonada muzlatgich mavjud emas, goʻsht va sabzavotlarni yuvish uchun vanna oʻrnatilmagan, xom goʻsht va sabzavotlar uchun stollar esa issiq sexda joylashgan. Hamshira xonasida bir muzlatgichdan sutkalik namunalar saqlanmoqda. Xojatxonalar dezinfeksiya qilinmasligi aniqlandi.

80-sonli MTT

Bolalar soni: 9-oktyabr kuni – 232, 10-oktyabr kuni – 326 nafar tarbiyalanuvchi

Zaharlangan bolalar soni: 4

MTTda markazlashtirilgan suv taʼminoti va kanalizatsiya hamda qozonxona ishlaydi. Barcha xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtdi.

Guruhlarda unitazlar va rakovinalar soni yetarli emasligi aniqlandi. Oziq-ovqat mahsulotlari ombordagi sotvutgichda saqlanadi, mahsulotlarni saqlash qoidalarini buzish holatlari mavjud (tuxum va shakar yonma-yon saqlab kelinmoqda).Oshxonada muzlatgich mavjud emas, bir muzlatgichdan sutkalik namunalar hamshira xonasida saqlanadi, oshxona idish-tovoqlarini yuvish uchun vannalar oʻrnatilmagan.

80-sonli MTT faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatib qoʻyildi.

Zaharlanish sabablari boʻyicha yakuniy xulosa laboratoriya tahlili natijalariga koʻra chiqariladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?